"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli yaqqol namoyon bo'lmoqda
"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli yaqqol namoyon bo'lmoqda
AL-KUVAYT, 10-oktabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Al-Jarida" gazetasida "Yangi O'zbekistonda davlat va fuqarolik jamiyati korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda mustaqillik yillarida O'zbekistonda fuqarolik jamiyatining roli tobora ortib borayotgani qayd etilgan. Fuqarolik jamiyati vakillari nafaqat ishtirok etadilar, balki jamiyat va davlat hayotida faol tashabbus ko'rsatadilar.
"Bu rol, ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarida yaqqol namoyon bo'ldi. Albatta, korrupsiya va jamiyat bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalardir. Jamiyat farovonligining sharti – korrupsiyadan xoli hayotdir. Buning uchun esa barcha zarur asoslar yaratilishi kerak, bu davlatning asosiy vazifasidir. Shu maqsadda O'zbekistonda dastlab BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining 13-moddasida mustahkamlangan xalqaro standartlarga to'liq mos keladigan qonunchilik bazasi yaratildi", – deyilgan materialda.
Qayd etilganidek, O'zbekiston Prezidentining mamlakatda korrupsiyaning oldini olishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini ta'minlash uchun zarur huquqiy bazani yaratish borasidagi siyosiy irodasiga binoan qator qonunlar va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Materialda ta'kidlanishicha, korrupsiyani oldini olishda jamoatchilik ishtiroki sifatini oshirish, halollik vaksinasini hamma joyda singdirish uchun, albatta, bu jarayonlar tizimli ravishda amalga oshirilishi zarur.
Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Prezidentining tegishli qarori bilan Korrupsiyaga qarshi Virtual akademiyasi tashkil etildi.
Maqola so'nggida "Aholining bilim va xabardorligini oshirish fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlarining o'zaro hamkorligini yangi bosqichga ko'taradi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki sifatini oshiradi", – deb yozilgan.