Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
AL-KUVAYT, 12-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida yurtimizning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kuvaytlik tadbirkorlar, blogerlar va OAV vakillari ishtirok etgan taqdimotda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan o'zgarishlar, erkin iqtisodiy va sanoat hududlari imkoniyatlari, xorijiy investorlar va importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil so'zlab berildi.
Joriy yil 16-21-oktabr kunlari Toshkent shahri, Farg'ona va Sirdaryo viloyatlarida O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumlari o'tkazilishi ma'lum qilindi.
Kuvayt biznesi vakillari O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning o'ziga xos ta'mini e'tirof etgan holda, ularni eksport qilishga qiziqish bildirdilar.
Ishtirokchilar, shuningdek, O'zbekistonda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar,zamonaviy mehmonxona va logistika bo'yicha infratuzilma bilan tanishdilar.
Respublikaning tarixiy shaharlari madaniy diplomatiya va turizm markaziga aylanib borayotgani, xususan 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o'tkazilishi ta'kidlandi. Shuningdek, so'nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Kuvayt fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani ma'lum qilindi.
Al-Kuvayt, Toshkent va Namangan shaharlari o'rtasidagi "Jazeera" aviakompaniyasining to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari yo'lga qo'yilgani sayyohlar almashinuvida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.