Qo‘qonda o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida jami 300 million dollarlik shartnoma imzolandi

Qo‘qonda o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida jami 300 million dollarlik shartnoma imzolandi
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida “Farg‘ona-vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” mavzusidagi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Quvayt, Turkiya, Vengriya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qatar, BAA kabi o‘ttizdan ortiq davlatlardan 200 ga yaqin kompaniyalar rahbarlari, ishbilarmon doira va sayyohlik tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Forumning asosiy tadbirlari Qo‘qon shahridagi “O‘rda” maydonida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyevlar so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizmi, nvestitsiya istiqbollari va imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
Ikki kun davom etgan forum Farg‘ona viloyatini iqtisodiy-investitsiyaviy salohiyatini xalqaro miqyosda tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Forum xorijiy davlatlar bilan muloqot o‘rnatish va o‘zaro manfaat keltirishi mumkin bo‘lgan qo‘shma istiqbolli loyihalarni aniqlash uchun platforma yaratish hamda rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbir doirasida B2B muzokaralari bo‘lib o‘tdi, unda tadbirkorlar ko‘plab yangi, foydali aloqalarni o‘rnatishga, yangi loyihalarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi. Forum yakunlari bo‘yicha investitsiya, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, logistika markazini tashkil etish, turizm, IT-xizmatlari ko‘rsatish, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda bitim va memorandum imzolandi. Shuningdek, Farg‘onada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hamda viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirildi.
Forumda shuningdek, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati taqdimot qilindi. O‘z navbatida, xorijlik mehmonlar so‘z olib, O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun eng qulay mamlakat ekanligini ta’kidlab, Farg‘onada tashkil etilgan forumni yuqori baholadi.
Forumda ishtirok etgan xorijiy kompaniyalar viloyat hokimligi, Quvasoy shahri, Quva va Qo‘shtepa tumanlari bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan xalqaro forum doirasida 300 million dollarlik shartnomalar tuzildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA