O‘zbek tili – eng ulug‘ ne’mat

O‘zbek tili – eng ulug‘ ne’mat
“Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir“.
Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘pchilikka yaxshi ayonki, 2019 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilingan edi. O‘sha tarixiy sanadan beri yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” keng nishonlanib kelinayotir.
O‘tgan vaqt mobaynida o‘zbek tilining jamiyatdagi roli avvalgidan ko‘ra oshdi, unga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi.
Lekin ayrim kamchiliklarga hamon barham berilmayotgani dilni xira qiladi. Bir vaqtlar Toshkentda ta’lim olgan sinfdoshim,Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ancha yillardan buyon fermer bo‘lib ishlayotgan Jo‘ra hoji Rahmatullayev yaqinda Toshkent, Buxoro, Samarqand va Termiz shaharlariga tomosha qilish uchun borganini aytdi.
– Men qirq yildan oshiq vaqtdan beri go‘zal yurtimizning diqqatga sazovor go‘shalarini sayr qilishni yaxshi ko‘raman. Eng asosiysi, yuqoridagi joylar qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganidan xursandman. Osmono‘par binolar kishini hayratda qoldiradi. Bir-biridan go‘zal imoratlarni ko‘rib dilingiz yayraydi. Lekin, ba’zi katta idoralar, do‘konlar, tashkilot va muassasalar oldidagi turli-tuman yozuvlarni o‘qish qiyin bo‘ldi. Ayrimlari inglizmi yoki boshqa ajnabiy tillardami, xullas tushunib bo‘lmaydi. Nega shularni o‘zgartirib, sof o‘zbek tilida yozish mumkin emas? Axir, har bir viloyat yoki tuman hokimligida davlat tiliga mas’ul kishilar biriktirilgan, hatto maosh olib ishlaydi, deb eshitganman, – deydi u.
Mashhur shoir Hamid Olimjon “Navoiy-o‘zbek tilining yaratuvchisi” maqolasida quyidagilarni yozgan edi: “Navoiy o‘zbek tili uchun kurash bayrog‘ini yuqori ko‘targan shoirdir.
Alishergacha o‘zbek va umuman turk xalqlarining adabiyoti Eron adabiyotining zo‘r ta’siri ostida yashar edi.
Shoirlarning hammasi deyarli fors tilida yozar edilar. Bu hol buzilmas bir an’ana holiga kelib qolgan edi. O‘zbek tilida yozish ayb sanalar va o‘zbek tilida yozilgan asarlarni saroy aristokratiyasi she’r deb qabul qilmas edi. Jahonning eng go‘zal madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Hirotda, Samarqand va Buxoroda fors tili o‘zbek tili ustidan hokimlik qilar edi. Fors tili-davlat tili, o‘zbek tili-sahro, qishloq tili, qora xalq tili deb sanalar edi. Keng xalq ommasi uchun birdan-bir badiiy ozuqa bo‘lib, xalqning o‘zi tomonidan yaratilgan ertak va dostonlar qolgan edilar.
Shuning uchun ham tarix bizning buyuk Alisherimizga juda katta bir vazifa yuklagan edi. Bu o‘z xalqining tili uchun kurash vazifasi edi. Navoiy shunday bir sharoitda o‘zining mashhur kitobi “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni yozib, o‘sha vaqtda hali turk tili deb atalib yurgan qadim o‘zbek tilining birmuncha jihatdan fors tilidan boy va rangdor ekanini isbot qildi va o‘zbek tilida bo‘lgan adabiyotning yuksalishini boshlab yubordi.“
Bu fikrlar taniqli kishilarning o‘zbek tiliga bo‘lgan mehr-muhabbatini, chuqur ehtiromini ifodalaydi. Shu sababli o‘zbek tili taraqqiyoti uchun kurashish har bir ziyolining muqaddas burchi ekanini doimo ta’kidlaging keladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutqlaridan birida o‘zbek tilining nufuzi va hayotdagi ahamiyati to‘g‘risida quyidagicha fikr bildirgan edi:
“Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.
O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar.
Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardonavor kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi.
Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘ san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ushbu qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989 yil 21 oktyabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman.”
Afsuski o‘zbek tiliga mensimay, loqayd qaraydiganlar ham bor ekan...
Bir o‘g‘lim Turkiyada yashaydi, oylik maoshi ancha yaxshi, boy-badavlat ekanidan juda xursandman. Ammo bir kuni nevaramga shahardagi do‘konlardan biror yegulik keltirib berishini iltimos qilmoqchi bo‘ldim.
– Menga Turkiyaning shirin mevalaridan olib kelsang, mamnun bo‘lar edim.
Lekin, u nimagadir churq etmadi.Qo‘rqib ketdim. Nahotki gung bo‘lsa?
O‘g‘lim ishdan kelganidan keyin shu haqda gap ochdim. U negadir xafa bo‘lish o‘rniga kulib yubordi. Mening esa jahlim chiqar edi.
– Ota, siz undan sira xafa bo‘lmang. U bugungi zamonaviy yoshlardan biri.
– Nima uchun xursand bo‘lishim kerak,bolam? – deya ajablandim.
– Axir u o‘zbek tilini mutlaqo bilmaydi. Turkcha gapirishni xush ko‘radi.
Xuddi ustimdan bir chelak sovuq suv quyib yuborgandek titrab ketdim. Ko‘z oldim qorong‘ilashdi. Tilim kalimaga kelmay qoldi. Hech narsa demasdan stulga o‘tirib qoldim. Uzoq o‘yga toldim. Kalavaning uchini topgandek edim.
Tavba, o‘g‘lim nega bemalol, beparvo so‘zlayotir? O‘z farzandining o‘zbek tilini bilmasligidan norozi emasmi? Nega, hatto maqtangandek gapirdi?
Nahotki, mening avlodim endi o‘zbek tilida gapira olmasa!?
O‘g‘lim xatosini kech bo‘lsa-da tushindi.
Yurtimizda o‘zbek tilini puxtaroq o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
“O‘zbekiston respublikasining davlat tili haqida”gi qonunida belgilangan vazifa va majburiyatlarni ado etish uchun imkoniyatlar yetarli. Butun dunyoda oltmish milliondan oshiq kishi o‘zbek tilida gapirayotgani, uning nufuzi va hayotdagi ahamiyatini yanada oshirishga intilayotgani har birimizda faxr va g‘urur tuyg‘usini kuchaytiradi. Bundan tashqari o‘zbek tilining jahondagi eng boy tillardan biri ekani ham diqqatga sazovor. O‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy o‘zbek tili xususida quyidagilarni aytgan edi:
“O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.
Mashhur adibning ushbu e’tirofidan beixtiyor g‘ururlanish hissini tuyadi, kishi.
Vatanimizda o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti va boshqa bir qator ilmiy muassasalar o‘zbek adabiy tilining yanada rivoj topishiga munosib hissa qo‘shmoqda. Demak, jamiyat hayotida o‘zbek tilining nufuzi va ahamiyati yanada oshishiga shubha yo‘q.
Jovli Xushboqov, O‘zA