Kuvayt biznesi vakillari Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlari bilan tanishdi
Kuvayt biznesi vakillari Sirdaryo viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlari bilan tanishdi
AL-KUVAYT, 22-oktabr. "Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Guliston shahrida kecha O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Kuvayt Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchisi Ahmad al-Ilaj boshchiligidagi biznes delegatsiya qatnashdi.
Delegatsiya tarkibidan Kuvayt savdo va sanoat vazirligi, Kuvayt Sanoat qo'mitasi, "KAMCO Investment Co.", "Alkandari General Trading Co.", "Unique Goods", "Unique Co. for public trading", "Zenith Business Solution", "Sky Logistics Gen. Trading Co." kompaniyalari rahbarlari va vakillari o'rin oldi.
Forumning ochilish qismida Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev va Kuvayt Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchisi Ahmad al-Ilaj nutq so'zladilar.
Shundan so'ng, Sirdaryo viloyatiga sarmoya kiritish hamda sanoat va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti imkoniyatlari yuzasidan taqdimot o'tkazildi. Kuvaytlik investorlar e'tiboriga Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, xorijiy sarmoyadorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar, hududdagi mavjud infratuzilma holati bo'yicha batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasida G2B va B2B formatlarida muzokaralar uyushtirildi. Unda qo'shma loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Sirdaryo viloyatidan Kuvaytga dukkakli ekinlar, un, to'qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari, quruq mevalar eksporti hajmini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Kuvayt biznesi vakillariSirdaryo tumanidagi "Peng sheng Charm", "Sirdarya Ceramic Production", "AWP", "Mega Lux" va "Modern Marble" kompaniyalarining ishlab chiqarish quvvatlarini ko'zdan kechirdi hamda Yangiyer shahridagi "Sirdaryo" erkin iqtisodiy hududidagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.