Aviaqatnovlar bo'yicha Kuvayt bilan yangi kelishuv imzolandi
Aviaqatnovlar bo'yicha Kuvayt bilan yangi kelishuv imzolandi
TOSHKENT, 1-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi tashabbusi bilan Malayziyada o'tkazilgan IKAO yig'ilishi doirasida O'zbekiston va Kuvayt delegatsiyalari o'rtasida muhim hujjatlar imzolandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ayni vaqtga qadar O'zbekiston va Kuvayt o'rtasida amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar 1994-yilda imzolangan bitim asosida bajarilib, har bir tomondan faqatgina bittadan aviakompaniyaga parvozlarni amalga oshirish huquqi berilgan.
So'nggi yillarda har ikki mamlakat hududida yangi aviakompaniyalar tashkil etilganligini inobatga olgan holda xususiy aviakompaniyalarning yangi yo'nalishlarda aviaqatnovlarini yo'lga qo'yish, aviatsiya bozorini to'liq liberallashtirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida mazkur bitim shartlarini qayta ko'rib chiqish zarurati yuzaga kelgan edi.
Ikki mamlakat o'rtasida aviaqatnovlarni muhokama qilish va shartlarni qayta ko'rib chiqish yuzasidan "O'zaviatsiya" agentligi delegatsiyasining Kuvayt aviatsiyasi hukumati rahbariyati bilan o'tkazgan muzokaralar natijasiga ko'ra, O'zbekiston va Kuvayt Transport vazirliklari hamda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqilgan va yangi shartlarni o'z ichiga olgan aviaqatnovlar to'g'risidagi yangi bitim matni ikki mamlakat aviatsiya rahbarlari tomonidan imzolandi.
Yangi bitim ikki mamlakat o'rtasida har bir tomondan faqatgina bittadan tayinlangan aviakompaniya parvozlarni amalga oshirishi mumkinligi to'g'risidagi cheklovni bekor qilish bilan bir qatorda yangi kelishuv shartlarini o'z ichiga oladi.