Kuvaytning ommabop bosma nashrida O'zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqealarga oid maqolalar chop etildi
Kuvaytning ommabop bosma nashrida O'zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqealarga oid maqolalar chop etildi
AL-KUVAYT, 2-noyabr. /"Dunyo" AA/. So'nggi kunlarda Kuvayt ommaviy axborot vositalari O'zbekiston hayotida kechayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-ma'rifiy voqealarni keng yoritmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, mazkur davlatdagi ommabop "Al-Jarida" gazetasida "O'zbekistondagi saylovlar mutanosib islohotlar yo'lini tasdiqladi" sarlavhali maqolani o'z mushtariylari e'tiboriga taqdim qildi. Maqola O'zbekistonda bo'lib o'tgan saylovni bevosita kuzatgan nashr muxbiri tomonidan yozilgan.
"Ushbu saylovning besh yil avvalgi saylovlardan farqi shundaki, unda tarixda birinchi marta aralash saylov tizimi qo'llanildi. Partiyalardan ko'rsatilgan nomzodlar ichida xotin-qizlar kvotasi 30 foizdan 40 foizga ko'paytirildi, tajriba tariqasida poytaxt Toshkentning ayrim tumanlarida elektron ovoz berish tizimi qo'llanildi", – deyilgan maqolada.
"Al-Jarida" gazetasi vakili Toshkentdagi ikkita saylov uchastkasida bo'lganini ta'kidlagan. Muallif ta'kidlaganidek, O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovida amaldagi hukmron partiya – Liberal-demokratik partiyasi eng ko'p o'rinlarni qo'lga kiritdi.
"Liberal-demokratik partiyasi o'zining siyosiy va saylovoldi dasturi orqali boshqa partiyalar tomonidan qabul qilingan barcha masalalar bo'yicha zamonaviy xususiyatlarga ega markazlashgan qarashlarga ega bo'lganligi uchun saylovlarda g'alaba qozondi", – deya tushuntirgan kuvaytlik jurnalist.
"Al-Jarida" gazetasida bosilgan navbatdagi maqolada Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari haqida yozilgan.
Unda Toshkent shahrida barpo etilayotgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi, Toshkentdagi Mus'hafi Usmon tarixi, Amir Temur muzeyi haqidagi batafsil ma'lumotlar keltirilgan.