Bo'lajak Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi Kuvayt ommaviy axborot vositalari diqqat markazida
Bo'lajak Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi Kuvayt ommaviy axborot vositalari diqqat markazida
AL-KUVAYT, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning yetakchi "Q8 Press" elektron nashrida "O'zbekiston poytaxtida eng yirik sayyohlik yarmarkasiga qizg'in hozirlik ko'rilmoqda" sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Unda joriy yilning 21-23-noyabr kunlari "Markaziy Osiyo Expo Uzbekistan" ko'rgazmalar majmuasida "Ipak yo'lida turizm" Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi (TITF) bo'lib o'tishi ma'lum qilingan.
Ta'kidlanishicha, ushbu tadbir milliy va xorijiy sayyohlik kompaniyalari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar assotsiatsiyalari va vakolatxonalari, onlayn bron qilish tizimlari, transport kompaniyalari va boshqa ko'plab kompaniyalar vakillarini jamlagan va birlashtirgan holda O'zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi turizm sanoati uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
TITF dasturi doirasida konferensiyalar, B2B formatidagi uchrashuvlar, davra suhbatlari, turizm xizmatlari, xalq amaliy san'ati ko'rgazmalari, O'zbekiston hududlarining sayyohlik salohiyati taqdimotlari, gastronomik festivallar va boshqa tadbirlar o'tkaziladi.
Ishtirokchilar uchun ko'rgazma o'z turistik mahsulotlarini namoyish etish va butun dunyo bo'ylab hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
"TITF 1995-yildan beri "BMT-Turizm" tashkiloti ko'magida o'tkazib kelinmoqda. O'tgan yillar davomida ko'rgazma turli mamlakatlar ekspert va mutaxassislarining e'tiborini o'ziga tortgan holda O'zbekiston turizm industriyasi uchun muhim voqea sifatida o'zini namoyon qildi", – deya qayd etilgan maqolada.