Kuvayt kompaniyasi restoranlar uchun O'zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlarini o'rganmoqda

Kuvayt kompaniyasi restoranlar uchun O'zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlarini o'rganmoqda
AL-KUVAYT, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixona tashabbusi bilan O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Kuvaytning "Dawat" kompaniyasi ta'sischisi Muhammad al-Ajil va ijrochi direktori Dalvi Said Abdulloh o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat avvalida Dawat" kompaniyasi ta'sischisi Muhammad al-Ajil joriy yil 19-22-oktabr kunlari O'zbekistonga qilgan safari haqida to'xtaldi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va turli sohalardagi yutuqlarni yuqori baholadi. Shu bilan birga, o'zbek xalqining mehmondo'stligi va ochiq ko'ngilligini alohida ta'kidladi.
Kuvayt vakili restoran biznesini yanada kengaytirish, yangi shoxobchalarni ochish niyatini bildirdi. Rejaga ko'ra, arab qahvasi hamda shirinliklari taklif etadigan qahvaxonalar tashkil etish ko'zda tutilgan. Ularga O'zbekistondan qandolatchilar, qahva va boshqa ichimliklar tayyorlaydigan mutaxassislarni jalb qilish rejasi haqida ma'lum qilindi.
Tomonlar "Dawat" kompaniyasi taklif etayotgan restoranlarga ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar va mazkur yo'nalishdagi ishlarni yo'lga qo'yish maqsadida tegishli shartnoma tuzishga kelishib oldilar.