O'zbekiston Prezidentining Bokuda o'tayotgan BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasida ishtiroki Kuvayt OAV diqqat markazida
O'zbekiston Prezidentining Bokuda o'tayotgan BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasida ishtiroki Kuvayt OAV diqqat markazida
AL-KUVAYT, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Times Kuwait" gazetasida "O'zbekiston barqaror kelajak sari: ekologik tashabbuslar va xalqaro hamkorlik" sarlavhali maqola ingliz tilida chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston Prezidenti joriy yil 11-13-noyabr kunlari Boku shahrida bo'lib o'tayotgan BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi doirasidagi Iqlim o'zgarishlariga qarshi kurashish bo'yicha jahon sammitida ishtirok etmoqda", – deb ma'lum qilgan Kuvayt nashri.
Xabar qilinganidek, O'zbekiston 1993-yil 20-iyunda BMTning Iqlim o'zgarishi to'g'risidagi konvensiyasiga qo'shilgan, 1999-yilda Kioto protokolini ratifikatsiya qilgan. 2017-yilda Parij bitimini imzolash orqali O'zbekiston bir qator majburiyatlarni, jumladan, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi darajadan 35 foizga kamaytirish bo'yicha asosiy majburiyatlarni o'z zimmasiga oldi.
BMT konvensiyasining ishtirokchisi sifatida O'zbekiston iqlim bo'yicha muntazam hisobotlarni tayyorlaydi va Konvensiya kotibiyatiga taqdim etadi. Shuningdek, milliy ma'ruza, ikki yillik hisobotlar, moslashish rejalari, milliy miqyosda belgilangan badallarni ishlab chiqadi va yangilaydi.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 1-dekabr kuni Dubayda bo'lib o'tgan COP-28 oliy darajadagi Segmentida so'zlagan nutqida iqlim o'zgarishi masalalari bo'yicha mamlakatning pozitsiyasi, dekarbonizatsiya, iqlim o'zgarishiga moslashish, Orol dengiz ekotizimini saqlash va tiklash bo'yicha hamkorlik bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida ma'lumot berdi", – deyilgan materialda.
2022-yilda Toshkentda Global yashil rivojlanish institutining (GGGI) ofisi ochildi. Bu ushbu tashkilotning MDH va Markaziy Osiyodagi birinchi vakolatxonasidir. GGGI mamlakatlarning "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish va iqlim tashabbuslari orqali barqaror iqtisodiy o'sishga o'tishlarini qo'llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Maqola yakunida "O'zbekiston Prezidentining Bokuda o'tayotgan tadbirda ishtirok etishi mamlakatning "yashil" o'sish va rivojlanishga sodiqligini, iqlim o'zgarishi oqibatlarini yumshatish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirishga tayyorligini hamda BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha hadli konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij kelishuvi maqsadlariga erishish bo'yicha o'z zimmasiga olgan majburiyatlarni to'liq bajarishini yana bir bor tasdiqlaydi", – deb yozadi "Times Kuwait".