Kuvaytning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillarining Surxondaryo viloyatiga biznes missiyasi uyushtirildi
Kuvaytning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillarining Surxondaryo viloyatiga biznes missiyasi uyushtirildi
AL-KUVAYT, 16-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Kuvaytning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyasining Surxondaryo viloyatiga biznes missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida Kuvayt kompaniyalari vakillari Surxondaryo viloyati hokimi o'rinbosari Sherali Jo'rayev va viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i Komil Abduvoxidov bilan uchrashuv o'tkazdilar.
Muzokaralar chog'ida Surxondaryo viloyatida Ona va bola klasterini tashkil etish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, yurak-qon tomir va boshqa og'ir jarrohlik amaliyotlarni hamkorlikda o'tkazish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, viloyatda import qilinayotgan dori vositalarini ishlab chiqarilishini yo'lga qo'yish masalalari xususida fikr almashildi.
Kuvayt biznesi vakillari safar davomida viloyatdagi erkin savdo zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar, hududlararo savdo aloqalarini kengaytirish uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Sherobod tumaniga tashrif davomida esatibbiyot o'quv markazi, laboratoriya va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun taklif etilgan sharoitlar ko'zdan kechirildi.