Hamisha yuksaklarda hilpirayver O‘zbekiston bayrog‘i!

Hamisha yuksaklarda hilpirayver O‘zbekiston bayrog‘i!
Bugun yurtimizda yana bir ajoyib kun! G‘ururimiz, faxrimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun. Barchamizga ma’lumki, 1991 yilning 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilindi. Shundan boshlab bu kun O‘zbekistonda “Bayroq kuni” sifatida nishonlanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston bayrog‘i haqida har bir fuqaro hatto bog‘cha yoshidagi bolalar ham yaxshi ma’lumotga ega. Bu haqda hatto har yili televideniye va radio, internet tarmoqlari ma’lumotlar berib boradi.
Bayroq qadim-qadimdan har bir xalqda mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. Xususan, ota-bobolarimiz yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ardoqlaganlar, ko‘z qorachig‘idek asraganlar. Bugungi yosh avlod ham davlatimizning muqaddas ramzi bo‘lgan bayroqni hurmat qilib, e’zozlaydi, qadrlaydi. Ayniqsa, yurtdan olisda yurgan vatandoshlarimiz, xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yigit-qizlarimiz o‘lkamiz bayrog‘i haqidagi o‘zgacha fikrlar bildiradi.
Ayni paytda AQSHda tahsil olayotgan Marjona Boboyeva bayrog‘imiz haqida ajoyib xotiralari bilan bo‘lishdi.
- O‘zbekistonlik yoshlarga ko‘pchilik havas qiladi, - deydi Marjona. – Yoshlarning ta’lim olishi, o‘qib yaxshi kasbni egasi bo‘lishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida uzoq gapirish mumkin. Men ham ana shunday imkoniyatlar tufayli ayni paytda okeanorti mamlakatidagi eng zamonaviy maktablarning birida ta’lim olyapman. Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi hamda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Kelajak liderlari” almashinuv dasturi (FLEX) loyihasi doirasida AQSHning Missuri shtati Lamar shahridagi maktabda ta’lim olyapman. Bu yerga kelayotganimizda loyiha g‘oliblari bo‘lgan bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar aeroportda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib olgan edik. Bayrog‘imizni ko‘rishi bilan bizni ko‘pchilik tanidi. Ya’ni, O‘zbekistondan ekanligimizni bilishdi. “O‘zbekistonlikmisiz?” deya savol berishdi. Bu bizga judayam katta faxr va g‘urur bag‘ishladi. Nyu-York shahridagi BMT binosida unga a’zo bo‘lgan ikki yuzga yaqin mustaqil davlat qatori O‘zbekistonning ham bayrog‘i hilpirab turibdi. O‘sha yerdagi bayrog‘imizni ko‘rganimda faxrlanib ketganman. Har gal bayrog‘imizni ko‘rganimda xalqimni, vatandoshlarimni ko‘rgandek bo‘laman.
Yaqinda maktabimizda “Xalqaro madaniyat haftaligi” bo‘lib o‘tdi. Unda diyorimiz, milliy bayramlar, davlat ramzlari, bayrog‘imiz haqida taqdimot qildim. Maktab jamoasi, ayniqsa, tengdoshlarim juda katta qiziqish bilan tinglashdi. Bu menga juda katta faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. Qachonki bir joyga otlansam, yonimda bayrog‘imizni olib ketaman. Xonamda, dars stolimda ham bayrog‘imizni qo‘yib qo‘yganman. Yurtimni vatanimni, xalqimni sog‘insam unga qarayman va sog‘inchim biroz bosilgandek bo‘ladi.
Bayrog‘imizdagi har bir rang, har bir belgi o‘ziga xos ma’noga ega. Undagi moviy rang kuch-qudratni, tinchlik va barqarorlikni o‘zida aks ettiradi. Oq rang poklik, beg‘uborlikni ifodalab kelgan. Yashil rang esa, yasharish va yangilanish ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz, asriy qadriyatlarimiz, iymon-e’tiqodimiz timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar tomirimizdagi ajdodlar qoni – mangulik nishonasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun Marjona singari ko‘plab yoshlarimizda bayroqqa, milliy ramzlarga bo‘lgan mehr, sadoqat, hurmat tobora ortib bormoqda. Buni ko‘rib hursand bo‘lasan kishi.