"Q8 Press": O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilinganiga 33 yil bo'ldi
"Q8 Press": O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilinganiga 33 yil bo'ldi
AL-KUVAYT, 19-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Q8 Press" elektron nashrida "O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i kuni nishonlamoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda ta'kidlanishicha, O'zbekiston Davlat bayrog'i xalqaro maydonda mamlakat mustaqilligini ifodalovchi ramz sifatida g'urur bilan hilpirab turibdi.
"1991-yil 18-noyabr kuni "O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risidagi" Qonuni qabul qilindi. Shu kundan e'tiboran O'zbekiston Davlat bayrog'i mustaqillik, erkinlik va barqarorlik ramzi sifatida yuksaklarga ko'tarildi", – deyilgan nashrda.
Kuvayt OAV xabar yozganidek, 1992-yil 2-martda O'zbekiston BMT a'zo bo'ldi. Ushbu sanada BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida O'zbekiston bayrog'i ko'tarildi.
O'zbekiston mustaqil davlat sifatida 1993-yil 26-oktabr kuni YUNESKOga a'zo bo'lgan. Mamlakat ushbu tashkilotning barcha sohalardagi faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Shu sanadan buyon tashkilotning Parijdagi qarorgohi oldida ham O'zbekiston bayrog'i hilpirab turibdi.
Maqola yakunida "O'tgan 33 yil davomida mamlakat sportchilarining ko'plab xalqaro sport musobaqalari va Olimpiya o'yinlaridagi g'alabalari sharafiga O'zbekiston bayrog'i baland ko'tarilmoqda", deb yozilgan.