Kuvaytlik investorlar Boyovut tumaniga sarmoya kiritishni istamoqda
Kuvaytlik investorlar Boyovut tumaniga sarmoya kiritishni istamoqda
Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova O'zbekistonning Kuvaytdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ayubhon Yunusov hamrohligidagi investorlarni qabul qildi.
Muzokaralar chog‘ida tuman markazida ko'p qavatli uylar qurish, xizmat ko'rsatish markazlari barpo etish, tibbiy laboratoriya tashkil etish, ekoturizm korxonalarini ochish hamda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha hamkorlik qilish loyihalari muhokama etildi.
Uchrashuv davomida tuman hokimi xorijlik investorlar bilan istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini qayd etib, mutasaddilarga kompaniyalar mutaxassislari bilan ularni amalga oshirishning texnik -iqtisodiy tomonlarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli topshiriq berdi. Shuningdek, ikki tomon rasmiylarining keng doiradagi muloqotlari hamda mahalliy tadbirkorlar bilan "B2B" formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Uchrashuvdan so‘ng sarmoyadorlar hududlarga chiqib, tumanning salohiyati bilan tanishdilar. Jumladan, tuman markazidagi bo'sh turgan bino o'rnida ko'p qavatli turar-joy hamda xizmat ko'rsatish kompleksi barpo etish, tibbiyot birlashmasi hududida davlat xususiy sherikchilik asosida tibbiy xizmatlarni tashkil etish hamda qishloq xo'jaligi sohasida hamkorlik qilish bo'yicha uchrashuvlar o'tkazildi.