Kuvayt biznesi vakillari Buxoro viloyatining investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdi
Kuvayt biznesi vakillari Buxoro viloyatining investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdi
AL-KUVAYT, 21-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Kuvaytning "AlJaber Group Holding", "Biomedix Medical Group Co.", "Advanced Medical German Co.", "Gulf Care General Trade.Co" va boshqa yirik kompaniyalari vakillarining Buxoro viloyatiga biznes missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar chog'ida Buxoro viloyati hokimligi rahbariyati va tadbirkorlar bilan qator uchrashuvlar uyushtirildi.
Muzokaralar chog'ida Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sarmoyaviy muhit, hududdagi mavjud infratuzilma holati, yangi loyihalar bo'yicha ma'lumotlar kuvaytlik investorlar e'tiboriga taqdim etildi.
Buxoro viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, asosiy drayver jabha bo'lgan turizm infratuzilmasini yana-da rivojlantirish bo'yicha ishlar alohida ta'kidlandi. Tibbiyot va farmatsevtika yo'nalishida amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga e'tibor qaratildi.
"Buxoroning investitsiyaviy salohiyati" mavzusida o'tkazilgan taqdimotdan so'ng tomonlar o'rtasida G2B va B2B formatlarida muzokaralar bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston va Kuvayt ishbilarmon doira vakillari kelgusidagi sheriklikning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
Tomonlar o'rtasida o'zaro hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Kuvayt biznes delegatsiyasi safar davomida "Bukhara Next Generation Product" kompaniyasining elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayoni hamda "Akbarjon Barakat" va "Buxoro Agroklaster DZZ" kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi.
Shu bilan birga, Kuvayt delegatsiyasi Buxoroning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildi.