"Q8 Press": Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiyot va investitsiyalar bo'yicha davlat vaziri boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi

"Q8 Press": Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiyot va investitsiyalar bo'yicha davlat vaziri boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi
AL-KUVAYT, 23-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Q8 Press" elektron nashrida "Kuvayt moliya vaziri O'zbekistonda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiyot va investitsiyalar bo'yicha davlat vaziri Nura Al-Fassam boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 19-21-noyabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo qo'shma komissiyaning birinchi yig'ilishida ishtiroki doirasida O'zbekistonda qator uchrashuvlar o'tkazgani ma'lum qilingan.
"Q8 Press" elektron nashriga ko'ra, Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiyot va investitsiyalar bo'yicha davlat vaziri Nura Al-Fassam O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri hamda tashqi ishlar vaziri bilan alohida muzokaralar o'tkazgan.
"O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri bilan uchrashuv chog'ida iqtisodiy islohotlar va ularning mamlakatlarga moliyaviy ta'siri bilan bog'liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ikki do'st davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini belgilab oldilar", – deyiladi materialda.
Nashrda, shuningdek, O'zbekiston TIV rahbari bilan bo'lib o'tgan muzokaralar chog'ida ham ikki tomonlama munosabatlarni barcha yo'nalishlarda yanada mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilingani ta'kidlangan.