Kuvayt matbuoti mamlakat moliya vazirining O'zbekistonga buyurgan tashrifi yakunlari haqida yozmoqda
Kuvayt matbuoti mamlakat moliya vazirining O'zbekistonga buyurgan tashrifi yakunlari haqida yozmoqda
AL-KUVAYT, 28-noyabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Times Kuwait" gazetasida "O'zbekiston-Kuvayt savdo-iqtisodiy hamkorligining yangi ufqlari" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Kuvayt Hukumatlararo komissiyasining birinchi yig'ilishi Toshkentda bo'lib o'tgani ma'lum qilingan.
"Yig'ilish O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Kuvayt moliya vaziri, iqtisodiyot va investitsiyalar bo'yicha davlat vaziri Nura al-Fassam hamraisligida o'tkazildi. Kun tartibiga muvofiq tomonlar ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning bugungi holatini ko'rib chiqdilar hamda hamkorlik ko'lamini yana-da kengaytirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldilar", – deyilgan maqolada.
Materialda so'nggi besh yilda O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi, birinchi navbatda, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo tovarlari va xizmatlarni o'zaro almashish hisobiga besh barobardan ziyod oshgani bildirilgan. Ayni paytda O'zbekistonda Kuvayt tomonidan moliyalashtirilgan yettita korxona faoliyat ko'rsatmoqda.
Qayd etilishicha, konstruktiv almashinuvlar turli sohalar, jumladan, bank-moliya, qishloq xo'jaligi, turizm, logistika, xususiylashtirish dasturlari va ekologik barqarorlikni ta'minlash kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo'yicha konsensusga erishildi.
Kuvayt kompaniyalari tomonidan O'zbekistonda istiqbolli sarmoyaviy imkoniyatlarni aniqlashdan tortib, biznesni yaratish va rivojlantirishgacha bo'lgan har bir bosqichda har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.
Maqolaning yakunida, "Uchrashuv yakunida savdoni osonlashtirish tartib-qoidalari to'g'risidagi memorandum va birinchi yig'ilish bayonnomasi imzolandi. Ushbu kelishuvlar iqtisodiy hamkorlikning yangi istiqbolli bosqichini, umumiy farovonlik va taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi", deb yozilgan.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Kuvayt moliya vazirining O'zbekistonga tashrifiga oid maqolalar, shuningdek, "Kuna" axborot agentligining rasmiy saytida, "al-Anba" va "al-Ray" gazetalarida ham e'lon qilindi.