"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekistonda xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi yo'l qo'yilgan

"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekistonda xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi yo'l qo'yilgan
AL-KUVAYT, 11-dekabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida "O'zbekistonda xorijda ishlash istagida bo'lgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash strategiyasi qabul qilindi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston Migratsiya agentligi xorijiy davlatlarga ishlash uchun ketmoqchi bo'lgan o'zbekistonlik mehnat muhojirlarini qo'llab-quvvatlash strategiyasini qabul qildi. Bu strategiya ularni o'z ishlarida muvaffaqiyatga erishishga tayyorlashdan boshlanadi, qaytib kelgandan so'ng esa mahalliy bozorga qayta integratsiyalashuviga olib keladi", – deyiladi nashrda.
O'zbekiston Migratsiya agentligi so'nggi ikki yilda 70 mingga yaqin ishchini xorijga jo'natgan bo'lsada, mehnat muhojirlariga mehnat vizasi, yo'l chiptasi, chet tillarini o'rganish va baholash xarajatlarini qoplash bo'yicha yangi ijro mexanizmlarini qabul qildi.
Shu bilan birga, O'zbekiston bir tomondan Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan, ikkinchi tomondan o'z ishchilarini talab qiluvchi davlatlar bilan, mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bo'yicha hamkorlik qilmoqda.
Gazeta O'zbekiston Migratsiya agentligi va Germaniyaning 25 ta kompaniyasi o'rtasida shartnomalar tuzilib, ularda fuqarolar turli sohalarda ish bilan ta'minlanganini ma'lum qilgan.
Shuningdek, 2024-yilda Buyuk Britaniya, Vengriya va Slovakiya kabi bir qancha davlatlar bilan mehnat migratsiyasi masalalari bo'yicha ham muzokaralar olib borilgani va bu sa'y-harakatlarning ahamiyati ortib borayotgani ta'kidlangan.
Qayd etilishicha, O'zbekistonda xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi yo'lga qo'yildi. Bu esa xorijga chiqish istagida bo'lganlarni qo'llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini qabul qilishga olib keldi.
Maqola yakunida "O'zbekiston xorijda mehnat qilayotgan o'zbekistonlik fuqarolar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy himoyasini ta'minlash bo'yicha choralar ko'rish, shuningdek, barcha tegishli migratsiya masalalari bo'yicha xorijiy hamkorlari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishga intilmoqda", – deb yozilgan.