"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekiston Konstitutsiyasi – erkin va farovon hayot kafolatidir

"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekiston Konstitutsiyasi – erkin va farovon hayot kafolatidir
AL-KUVAYT, 11-dekabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida "Konstitutsiya... O'zbekistonda erkin va farovon hayotni kafolatlaydi" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Bu yil O'zbekistonda Konstitutsiya kuni "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot kafolatidir!" shiori ostida nishonlanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 17-oktabrdagi "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni nishonlash to'g'risida"gi farmoyishi bilan tasdiqlangan dastur asosida tashkiliy-amaliy, madaniy-ma'rifiy va huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi", – deyilgan materialda.
Konstitutsiya mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma'naviy-madaniy hayotning barcha sohalarida izchil va bosqichma-bosqich, uzviy va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir.
Gazeta yangilangan konstitutsiyaviy qoidalar ijtimoiy va xalqaro hayotning barcha jabhalariga bevosita tatbiq etilayotganligi sababli ular O'zbekistonda yashovchi har bir shaxsni qamrab olganini yozgan. 2023-yilda bo'lib o'tgan O'zbekiston Prezidenti saylovi yuksak siyosiy yetuklikni, yangi O'zbekiston barpo etish jarayonida amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak qo'llab-quvvatlanganini namoyish etdi.
Ta'kidlanganidek, 2024-yil 27-oktabrda bo'lib o'tgan Qonunchilik palatasi va boshqa hokimiyat organlariga bo'lib o'tgan saylovlar ham olg'a qo'yilgan muhim qadam bo'lib, saylov qonunchiligining yangi konstitutsiya va xalqaro standartlar asosida takomillashtirilishi saylovning yanada ochiq va oshkoraligiga erishishga xizmat qildi.
Maqola "O'tkazilgan parlament saylovi O'zbekistonda demokratik davlat faoliyatining yorqin namunasidir. Bunda Konstitutsiya ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, fuqarolarning saylash va saylanish bo'yicha konstitutsiyaviy huquqlariga erishish, davlat organlarini shakllantirishda ularning samarali ishtirokini ta'minlashda muhim rol o'ynadi", degan fikrlar bilan yakunlangan.