O'zbekistonlik tadbirkorlar Kuvaytdagi ko'rgazmada o'z mahsulotlarini muvaffaqiyatli namoyish etib, go'sht va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo'yicha shartnomalar imzoladilar

O'zbekistonlik tadbirkorlar Kuvaytdagi ko'rgazmada o'z mahsulotlarini muvaffaqiyatli namoyish etib, go'sht va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo'yicha shartnomalar imzoladilar
AL-KUVAYT, 17-dekabr. /"Dunyo" AA/. 15-16-dekabr kunlari Kuvaytda bo'lib o'tgan "Kuwait International Agro Food Exhibition" ko'rgazmasida O'zbekiston kompaniyalari o'z mahsulotlari bilan faol ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, ko'rgazma doirasida O'zbekiston elchixonasi pavilyonida "JN Distrubition", "Rozmetov", "National Agroforte", "MilMax", "Zomin asali" va boshqa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etildi.
Pavilyon mehmonlari O'zbekistonning savdo-iqtisodiy salohiyati, mamlakatimizda yaratilgan investitsiya muhiti, shuningdek, xorijiy investorlar va importerlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida ma'lumot olish imkoniga ega bo'ldilar.
Ta'kidlash joizki, Kuvayt xalqaro ko'rgazmasi agrosanoat va oziq-ovqat sohalarini o'zida qamrab olgan bo'lib, oziq-ovqat sanoati, sut mahsulotlari, meva, dengiz mahsulotlari, qadoqlash texnologiyalari va boshqa sohalardagi mahsulotlar va texnologiyalarning keng ko'lamdagi namoyishini ta'minladi.
Ko'rgazma doirasida, shuningdek, O'zbekiston va Kuvayt kompaniyalari vakillari o'rtasida uchrashuvlar bo'lib o'tdi, ularda O'zbekistondan Kuvaytga ho'l va quruq mevalar, sabzavotlar, asal va go'sht mahsulotlarini eksport qilish, mahsulotlarni yetkazib berishning transport-logistika yo'llari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari tomonidan Kuvaytga go'sht va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo'yicha savdo shartnomalari imzolandi.