"Times Kuwait": O'zbekiston eksporti geografiyasi 33 ta yangi davlatga kengaydi

"Times Kuwait": O'zbekiston eksporti geografiyasi 33 ta yangi davlatga kengaydi
AL-KUVAYT, 22-dekabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ingliz tilidagi nufuzli "Times Kuwait" haftalik gazetasida "O'zbekiston eksportchilarni qo'llab-quvvatlamoqda" sarlavhasi ostida maqola nashr etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, so'nggi olti yilda O'zbekistonning eksport geografiyasi yana 33 ta mamlakatni qamrab olib, 115 ta xorijiy bozorga kengaydi. O'zbekiston mahsulotlari ilk bor Peru, Panama, Meksika, Dominikan Respublikasi, Argentina, Albaniya, Serbiya, Finlyandiya, Lyuksemburg va boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqdi.
"Eksportni qo'llab-quvvatlash milliy tizimi doirasida tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga jalb etishga alohida e'tibor qaratilmoqda, - deyiladi maqolada. - Misol uchun, o'tgan yili 3 mingga yaqin mahalliy kompaniya eksport faoliyatiga qo'shilgan bo'lsa, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 2450 ta korxona birinchi marta tashqi bozorlarga chiqib, umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollarlik mahsulot eksport qildi".
Ta'kidlanishicha, mamlakatimizda tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tadbirkorlar birlashmalarining rolini kuchaytirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilingan. Shuningdek, "Savdoni rivojlantirish kompaniyasi" AJ vositalari orqali eksport va sanoat ishlab chiqarishini qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish, texnoparklar tashkil etish, infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlar uchun moliyaviy vositalarni kengaytirish ko'zda tutilgan.
"O'zbekistonda eksportni qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar 2030-yilga qadar Milliy strategiyada rejalashtirilgan hajmlarga chiqishni dadil prognoz qilish imkonini beradi", - deya xulosa qiladi maqola muallifi.