"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekiston jahonning eng mashhur sayyohlik yo'nalishlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega

"Al-Jarida" gazetasi: O'zbekiston jahonning eng mashhur sayyohlik yo'nalishlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega
AL-KUVAYT, 28-dekabr / "Dunyo" AA /. Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida "Turizm - O'zbekiston iqtisodiyoti kelajagining tamal toshi" nomli maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada ta'kidlanishicha, O'zbekiston o'zining noyob madaniy va tabiiy boyliklari bilan jahon turizm sohasida muhim o'rin egallaydi. Mamlakatimiz hukumati turizmga o'z iqtisodiy strategiyasining asosiy omillaridan biri sifatida katta e'tibor qaratayotganligi, hamda sohaga sarmoya kiritish va uni iqtisodiy o'sishning asosiy drayveriga aylantirish bo'yicha kompleks rejalarni amalga oshirishga intilayotganligi e'tirof etiladi.
Ayni paytda O'zbekistonda 5250 dan ortiq turistik obyektlari, jumladan mehmonxonalar, xostellar va oilaviy dam olish maskanlari mavjud bo'lib, ularning sig'imi taxminan 155 ming o'ringa mo'ljallanganligi haqida ma'lumot beriladi.
Qayd etilishicha, O'zbekiston qishki turizm kabi tashabbuslar orqali yil davomida turizmni rivojlantirishga intilmoqda. Shu munosabat bilan "Chorvoq" va "Zomin" kabi turistik ko'ngilochar hududlar tashkil etilib, "Shahrisabz", "Maydanak" kabi boshqa hududlarda loyihalar ishlab chiqilayotganligi e'tirof etilgan.
"O'zbekistonda turizm sohasi uzluksiz o'sishda davom etmoqda, –deyiladi maqolada. – Mamlakat 2022-yilda 5,2 million xalqaro sayyohni qabul qilgan bo'lsa, 2023 yilda ushbu ko'rsatkich 6,7 millionga yaqin bo'ldi".
Muallifga ko'ra, 2024-yil avgust oyiga kelib O'zbekistonda turizm sektoridan tushgan daromadlar 2 milliard AQSh dollaridan oshdi. Shu bilan birga, sayyohlarning o'rtacha qolish muddati 7-8 kungacha uzaydi, bu esa turizm tajribasi darajasining yaxshilanganligini namoyish etadi.
Maqola yakunida "O'zbekiston barqaror iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlovchi va madaniy almashinuvni kuchaytiruvchi jahonning eng mashhur sayyohlik yo'nalishlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega", – deb yozgan "Al-Jarida" gazetasi.