O'zbekistonning insonparvarlik tashabbusi doirasidagi sa'y-harakatlari Kuvayt OAV nigohida

O'zbekistonning insonparvarlik tashabbusi doirasidagi sa'y-harakatlari Kuvayt OAV nigohida
AL-KUVAYT, 3-yanvar. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning arab tilidagi "Al-Jarida" gazetasi hamda "Q8 Press" elektron nashrida "G'azo sektoridan 100 nafar bola va ayol O'zbekistonga davolanish uchun keldi" nomli maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolalarda ta'kidlanishicha, O'zbekiston G'azo sektoridan kelgan 100 ga yaqin falastinlik bolalar va ayollarni o'z shifoxonalarida bepul davolash uchun qabul qildi.
Nashrlar, shuningdek, O'zbekiston milliy axborot agentligining xabariga tayangan holda, "Saudiya Arabistonining Ar-Riyoz shahrida bo'lib o'tgan Arab-Islom sammitida ishtirok etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z mamlakati urush oqibatlaridan aziyat chekkani falastinlik bolalar va ayollarni O'zbekiston kasalxonalarida bepul davolashga tayyorligini tasdiqlagan", - deya e'tirof etishgan.
Qayd etilishicha, 26-dekabr kuni O'zbekiston tomonidan Misrga maxsus samolyot jo'natilgan hamda 100 nafar falastinlik va ularning hamrohlari Toshkentga yetkazilib, shifoxonalarga yotqizilgan.