O'zbekistonda Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi

O'zbekistonda Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadi
TOSHKENT, 4-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to'g'risidagi qarorni imzoladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Qarorga muvofiq, tashkiliy qo'mita tomonidan mutafakkir adibning "Tanlangan asarlar" to'plami, uning hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish, spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan "Mahmudxo'ja Behbudiy" kinoseriali va "Xalq yuragi" badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Badiiy akademiyaning Markaziy ko'rgazmalar zalida Mahmudxo'ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san'at asarlari ko'rgazmasi tashkil etiladi.
Shuningdek, umumiy o'rta ta'lim muassasalari, ijod maktablari o'quvchilari, "Temurbeklar maktablari" kursantlari hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida "Mahmudxo'ja Behbudiy saboqlari" mavzusida insholar tanlovini o'tkazish va g'oliblarni munosib taqdirlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, barcha bo'g'indagi ta'lim muassasalari, kutubxonalar, mehnat jamoalari, mahallalar va harbiy qismlarda taniqli olimlar va adiblar ishtirokida Mahmudxo'ja Behbudiy hayoti va ijodiga bag'ishlangan ijodiy uchrashuvlar, adabiyot va kitobxonlik kechalari tashkil qilinadi.
Zamonaviy raqamli va targ'ibot texnologiyalari asosida Mahmudxo'ja Behbudiy asarlarini yoshlar o'rtasida keng ommalashtirish maqsad qilingan.
2025-yil oktabr oyida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida "Mahmudxo'ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o'rganishning dolzarb masalalari" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish, 2025-yil noyabr oyida esa Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatrida Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag'ishlangan tantanali adabiy-ma'rifiy xotira kechasini o'tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Samarqand shahridagi Mahmudxo'ja Behbudiy uy-muzeyi hududini obodonlashtirish va muzey ekspozitsiyasini boyitish hamda Qarshi shahridagi ko'chalardan biriga Mahmudxo'ja Behbudiy nomini berish va unga bag'ishlangan yodgorlik lavhasini o'rnatish ko'zda tutilgan.
Bundan tashqari, internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo'ljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallarni e'lon qilish rejalashtirilgan.