O'zbekistonning eksportni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlari Kuvayt OAV nigohida
O'zbekistonning eksportni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlari Kuvayt OAV nigohida
AL-KUVAYT, 6-yanvar /"Dunyo" AA/. Kuvaytning arab tilidagi "Al-Jarida" gazetasi hamda "Q8 Press" elektron nashrida "O'zbekiston o'z mahsulotlarini dunyoning 115 davlatiga eksport qiladi" nomli maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada ta'kidlanishicha, eksport – ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratish va yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish imkonini beruvchi iqtisodiy omildir. Shu bois, har bir davlat o'z mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilishni ko'paytirishga intilayotgan korxonalarni qo'llab-quvvatlashga harakat qiladi.
Qayd etilishicha, O'zbekistonda eksportni qo'llab-quvvatlash "O'zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan – eksportdagi xususiy sektor ulushini 60 foizga yetkazish maqsadiga qat'iy amal qilgan holda tizimli asosda amalga oshirilmoqda.
Muallifga ko'ra, so'nggi olti yilda O'zbekistonning eksport geografiyasi 33 ta yangi davlatga kengayib, tashqi bozorlar soni 115 taga yetkazilgan. Mamlakatimiz mahsulotlari ilk bor Argentina, Albaniya, Serbiya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Peru, Panama, Meksika, Dominikan Respublikasi kabi davlatlar bozorlariga chiqqani e'tirof etilgan.
Ta'kidlanishicha, keyingi yillarda eksportni qo'llab-quvvatlash milliy tizimi doirasida tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga keng jalb etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Qayd etilishicha, O'zbekistonda eksportyorlarni amaliy moliyaviy qo'llab-quvvatlash mexanizmi yaratilib, xalqaro standartlar va sertifikatlashtirishni joriy etish; milliy mahsulotlarni chet elda ro'yxatdan o'tkazish; xalqaro ko'rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish; prezentatsiyalar, reklama kampaniyalarini o'tkazish; milliy mahsulotlar va brendlarni istiqbolli bozorlarda ilgari surish kabi chora-tadbirlar amalga oshirildi.
"O'zbekistonda eksportni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar 2030-yilgacha Milliy strategiyada belgilangan hajmlarga erishishni ishonchli bashorat qilish imkonini bermoqda", - deyiladi maqolaning yakunida.