Kuvayt OAV: O'zbekistonda BRMga erishish jarayonida raqamlashtirish, sun'iy intellekt, "yashil" texnologiyalar va boshqa innovatsiyalardan keng foydalanish bo'yicha amaliy choralar ko'rilmoqda

Kuvayt OAV: O'zbekistonda BRMga erishish jarayonida raqamlashtirish, sun'iy intellekt, "yashil" texnologiyalar va boshqa innovatsiyalardan keng foydalanish bo'yicha amaliy choralar ko'rilmoqda
AL-KUVAYT, 15-yanvar. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ingliz tilidagi nufuzli "Times Kuwait" va arab tilidagi "Q8-Press" elektron nashrlarida O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish doirasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va natijalarga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolalarda e'tirof etilishicha, O'zbekiston BMTning 2030-yilgacha global kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar, ya'ni butun insoniyat hayoti va farovonligi darajasini oshirish, dunyoda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali adolatli va barqaror jamiyat qurish bo'yicha keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirib, sezilarli natijalarga erishmoqda.
Shuningdek, O'zbekistonning 2030-yilga qadar BRMga erishishga bo'lgan yondashuvi haqida so'z yuritiladi. Xususan, mamlakat mazkur global maqsadlarga muvofiq milliy islohotlarni amalga oshirib, 17 ta BRMdan 16 tasi bo'yicha tegishli ishlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega ekanligi ta'kidlanadi. "Mamlakat hududi okean va dengizlar bilan chegaralanmaganligi sababli, 14-sonli "Barqaror rivojlanish manfaatlari yo'lida okeanlar, dengizlar va dengiz resurslarini saqlash va ulardan oqilona foydalanish" maqsadi va uning 10 ta vazifasiga erishib bo'lmaydi", - deya qo'shimcha qiladi nashr.
Muallifga ko'ra, O'zbekiston huquqiy va institutsional islohotlar orqali BRMni o'zining milliy taraqqiyot tizimiga faol integratsiya qilmoqda: o'tgan davr mobaynida mazkur maqsadlarga erishishning mutlaqo yangi mexanizmi joriy etildi.
Qayd etilishicha, "Yangi O'zbekiston - 2030" strategiyasi iqtisodiy o'sish, ijtimoiy adolat, ekologik barqarorlik va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan BRMga mos keladi. Strategiyada ijtimoiy ta'minot, kambag'allikni qisqartirish, ish o'rinlari yaratish va atrof-muhitni muhofaza qilish muhimligi ta'kidlangan.
Ta'kidlanishicha, O'zbekistonda barqaror rivojlanish sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar qo'llab-quvvatlanmoqda, BRMga erishish jarayonida raqamlashtirish, sun'iy intellekt, "yashil" texnologiyalar va boshqa innovatsiyalardan keng foydalanish bo'yicha amaliy choralar ko'rilmoqda.
"Parlament, hukumat, fuqarolik jamiyati va biznes o'rtasidagi hamkorlik inklyuziv va barqaror kelajakni barpo etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega", – deb yozishadi Kuvayt nashrlari.