Kuvayt OAV O'zbekiston delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifi haqida yozmoqda

Kuvayt OAV O'zbekiston delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifi haqida yozmoqda
AL-KUVAYT, 31-yanvar. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "al-Anba", "Al-Jarida" va "Ar-Ray" gazetalarida O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiyaning ushbu mamlakatga tashrifiga bag'ishlangan maqolalar chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrlarda O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya Al-Kuvaytda "Al-Tijariya" kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Abdulfattah Marifiy bilan muzokaralar o'tkazgani ma'lum qilingan.
Uchrashuvda Al-Tijariya" kompaniyasining O'zbekistonda ko'chmas mulk, qishloq xo'jaligi, turizm va infratuzilmani rivojlantirishga oid istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi. "O'zbekiston tomoni mazkur sohalarda yuqori investitsiya imkoniyatlari mavjudligini bildirdi", – deb yozgan Kuvayt gazetalari.
Qayd etilishicha, Abdulfattah Marifiy "Al-Tijariya" kompaniyasi O'zbekistonda turli sohalarga investitsiya kengaytirishdan manfaatdorligini bildirgan.
O'zbekiston vakillari Ko'rfaz va Kuvayt kompaniyalari bilan respublikaga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish masalalarini muhokama qilish maqsadida ko'plab samarali uchrashuvlar o'tkazilmoqda, deb ta'kidlangan nashrda.
Shuningdek, O'zbekistonning ko'chmas mulk, qishloq xo'jaligi va sanoat tarmoqlaridagi istiqbolli loyihalar va investitsiyalar uchun imtiyozlar borligi qayd etilgan.
"O'zbekiston tomoni Abdulfattah Marifiyning ikki mamlakat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish muhimligi haqidagi tashabbusini qo'llab-quvvatladi. Bu ikki davlat o'rtasidagi madaniy, iqtisodiy va turizm almashinuvini kuchaytirishga xizmat qilishi hamda Kuvayt aholisining O'zbekistonga sayohat qilishini osonlashtirishi ta'kidlandi", – deyilgan maqolalarda.