Kuvaytda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbirlari bo'lib o'tdi

Kuvaytda O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbirlari bo'lib o'tdi
AL-KUVAYT, 9-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbirlari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ishtirokchilarga O'zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va ularning amaliy natijalari haqida so'zlab berildi. Tashqi savdoni rivojlantirish, yurtimizdagi erkin iqtisodiy va sanoat hududlari faoliyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida to'xtalib o'tildi.
O'zbekistonning barcha hududlarda turli sohalarda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Mamlakatimizda davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan yirik loyihalarga e'tibor qaratildi.
Yig'ilganlarga 16 fevral kuni Kuvayt Savdo-sanoat palatasida o'tkaziladigan O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumida ishtirok etish taklifi bildirildi.
Diplomatlar, shuningdek, O'zbekistonda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar, xususan zamonaviy mehmonxonalar va infratuzilma haqida to'xtaldilar.
2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o'tkazilishi alohida urg'ulandi. So'nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Kuvayt fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani ishtirokchilarga katta qiziqish uyg'otdi.
"Jazeera" aviakompaniyasi tomonidan Al-Kuvaytdan Toshkent va Namangan shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlari yo'lga qo'yilgani sayyohlar almashinuvida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kuvayt tomonining aytishicha, O'zbekistonning gastronomik, ekologik va qishki turizm kabi yo'nalishlari hamda yurtimizning tog'li hududlarida tashkil etilgan sayyohlik obyektlari kuvaytliklar o'rtasida ommabop bo'lib bormoqda.