O'zbekiston va Kuvaytning iqtisodiy va innovatsion sohalardagi hamkorligi ikki davlatning keyingi izchil taraqqiyotida muhim qadam bo'ladi

O'zbekiston va Kuvaytning iqtisodiy va innovatsion sohalardagi hamkorligi ikki davlatning keyingi izchil taraqqiyotida muhim qadam bo'ladi
TOSHKENT, 16-fevral. /"Dunyo" AA/. Davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Aziz Karimov "Dunyo" AA uchun sharhida O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi munosabatlarni jadallashtirish istiqbollari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi hamkorlik so'nggi yillarda yangi bosqichga ko'tarildi. Ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar dinamikasi faollashuvi bir qator omillar bilan bog'liq. Bular jumlasiga tashqi siyosiy konsepsiyalarning o'xshashligi, xalqaro tashkilotlardagi umumiy yondashuvlar, iqtisodiy taraqqiyot strategiyalaridagi uyg'unlik va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning o'zaro manfaatliligi kiradi.
Ikki mamlakatning geografik joylashuvi ham hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. O'zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo'lsa, Kuvayt Yaqin Sharqning muhim nuqtasida joylashgan. Bu ikki davlatga o'zaro sanoat kooperatsiyasini yo'lga qo'yish orqali uchinchi mamlakatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirish imkonini beradi.
Iqtisodiy jihatdan ham ikki mamlakat bir-birini to'ldiradi. O'zbekiston Markaziy Osiyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo'lib, so'nggi yillarda yuqori o'sish sur'atlarini namoyon etmoqda. Kuvayt esa neft zaxiralari va moliyaviy imkoniyatlari bilan dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri hisoblanadi.
Ushbu omillar O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi hamkorlikning keng qamrovli va istiqbolli ekanligini ko'rsatadi.
So'nggi 5 yilda O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi savdo ayirboshlash hajmi 5 baravar o'sdi. Hozirda O'zbekistonda Kuvayt kapitali ishtirokidagi 7 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Biroq, bu ko'rsatkich ikki mamlakatning to'liq iqtisodiy salohiyatini aks ettirmaydi. 2023-yilda Kuvaytning tashqi savdo aylanmasi 164 milliard dollarni, O'zbekistonniki esa 63 milliard dollarni tashkil etdi. 2024-yilda imzolangan savdo jarayonlarini yengillashtirish to'g'risidagi bitim tovar ayirboshlash hajmini yana-da oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Kuvayt katta investitsion potensialga ega. "Kuvayt investitsion boshqarmasi" moliyaviy imkoniyatlari bo'yicha Ko'rfaz mintaqasida ikkinchi, dunyoda beshinchi o'rinni egallaydi.
Uning hozirgi kundagi mablag'lari hajmi deyarli 1 trillion dollarga yaqin. Amirlikka tegishli boshqa bir fond – Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi Yaqin Sharq mintaqasida birinchi bo'lib tashkil etilgan – rivojlanayotgan davlatlarga imtiyozli grant va kreditlar beruvchi nufuzli tashkilot sanaladi.
O'z navbatida, O'zbekiston ulkan imkoniyatlar jamlangan yirik investitsion maydonga aylanmoqda. 2017-yildan beri rasmiy Toshkent mamlakat iqtisodiga qariyb 80 milliard dollar miqdordagi xorijiy mablag'larni jalb qilishga muvaffaq bo'ldi. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Kuvayt sarmoyadorlari uchun yangi istiqbolli yo'nalish bo'lishi mumkin.
2022-yilda Kuvayt xizmatlar importining deyarli yarmi (47 foiz) turizm sohasiga to'g'ri kelgan. Kuvaytlik sayyohlar chet ellarda 10 milliard dollardan ortiq pul sarflashgan. O'zbekiston o'zining boy madaniy merosi, Sharq ilm-fani va islom madaniyatining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi maqomi tufayli Kuvaytlik sayyohlar uchun muhim turizm yo'nalishlardan biriga aylanishi mumkin.
O'zbekiston va Kuvayt o'z iqtisodiyotlariga jadallik bilan zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etayotgan davlatlar hisoblanadi. Bugungi kunda Kuvayt informatsiya va kommunikatsion texnologiyalar bozori hajmi 22 milliard dollardan oshgan bo'lsa, O'zbekiston raqamli iqtisodiyoti qariyb 4,5 milliard dollarni tashkil etadi. Shuning uchun ham Kuvayt O'zbekiston bilan raqamli infrastrukturani iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiya qilish bo'yicha o'zining boy tajribasi bilan bo'lishishi mumkin. Hamkorlikning bunday tarzda rivojlanishi "Raqamli O'zbekiston – 2030" strategiyasining ustuvor maqsadlariga to'liq mos keladi.
Kuvaytning qishloq xo'jaligi sohasidagi imkoniyati cheklangan. Xususan, Kuvayt oziq-ovqatga bo'lgan ehtiyojlarining 94 foizga yaqinini import orqali ta'minlaydi. O'zbekiston oziq-ovqat ishlab chiqarish bo'yicha yuqori potensiali tufayli Kuvayt oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda istiqbolli hamkor bo'lishi mumkin.
Ayniqsa mazkur hamkorlik qo'shma ishlab chiqarish korxonalarini yaratish orqali rivojlanishi mumkin. Shu o'rinda Kuvaytning mazkur yo'nalishda katta tajribaga ega ekanligini eslatib o'tish lozim. Jumladan, so'nggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida Kuvayt 21 ta Afrika davlatida 45 ta qishloq xo'jaligi loyihalarini moliyalashtirgan.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston va Kuvaytning iqtisodiy va innovatsion sohalardagi hamkorligi ikki davlatning keyingi izchil taraqqiyotini ta'minlashda muhim qadam bo'ladi. Ikki davlat o'rtasidagi ikkitomonlama munosabatlarning izchillashuvi mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish uchun yana bir kuchli turtki beradi.