Xo‘jand sammiti: Markaziy Osiyo qanday o‘zgaryapti?

Shu kuni “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi Xo‘jand deklaratsiyasi ham qabul qilindi, ramziy Do‘stlik stelasi o‘rnatildi. Mamlakatlar o‘zaro ratifikatsiya hujjatlarini almashdi. Bu mujdalar muborak Navro‘z kayfiyati bilan uyg‘un ro‘y berdi. Navro‘z – yangilanish, kun-tun tengligi, umid ramzi. Xo‘janddagi siyosiy bahor ham ayni mazmunga uyqashib ketdi.
Bu o‘rinda bahor metafora emas, real siyosiy, diplomatik va insoniy voqelik. Jahonda beqarorlik va geosiyosiy parchalanish avj olayotgan bugungidek qaltis bir paytda Markaziy Osiyo nozik ishonchdan tinchlik imorati qanday tiklanishini ko‘rsatdi.
Chegaradan ustuvorlikkacha: tartibga keltirilgan murakkablik
Ma’lumki, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara muammosi juda og‘riqli nuqta edi. Anklavlar, bahsli yerlar, etnik kesishmalar, suv va yo‘llardan foydalanishdagi cheklovlar – hammasi chegarani mustahkam tinchlikka xalaqit qiladigan minali maydonga aylantirgandi.
2022 yil sentyabrdagi Botken qurolli to‘qnashuvi, artilleriya, dron va zirhli texnika qo‘llangan jang mintaqada nechog‘li nozik vaziyat hukm surayotganini fosh etdi. O‘nlab insonlar halok bo‘ldi, yuzlab odam yaralandi, minglab aholi evakuatsiya qilindi. O‘sha voqealar muammo shunchaki diplomatik xususiyatga ega emasligi, balki xavfsizlik uchun bevosita tahdidligini ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng ikki mamlakat maxsus xizmatlari rahbarlari – Qamchibek Tashiyev va Saymumin Yatimov yopiq formatda, bosqichma-bosqich muzokara olib borishni boshladi.
Uch yil davomida sun’iy yo‘ldosh xaritalari kelishildi, anklav – Voruxning rasmiy maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi, hududlar almashinuvi mexanizmi ishlab chiqildi va betaraf transport yo‘lagi ochildi. Bu shartnoma shunchaki majburiy kelishuv emas, balki ongli, yetuk fuqarolik pozitsiyasi ifodasidir. Jarayon ortida insonlar hayotini saqlab qolish, ishonchni qayta tiklash va barqaror kelajak yaratish umidi yotibdi.
Toshkent — fasilitator sifatidagi yetakchi
Mintaqada barqarorlik markazisiz arxitektura qurib bo‘lmaydi. Oxirgi yillarda Toshkent shunday markaz sifatida maydonga chiqdi. Binobarin, hukmron vosita emas, balki yo‘l ochuvchi, o‘zaro munosabatni uyg‘unlashtiruvchi kuch xususiyatini namoyon qildi.
2016 yildan so‘ng O‘zbekiston tashqi siyosatida ko‘tarilgan to‘lqin tektonik tus oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqada har tomonlama ishonch tilini taklif qildi: yopiqlik emas – ochiqlik, raqobat emas – pragmatizm, devor emas – ko‘prik...
O‘zbekiston quyidagi qadamlar bilan o‘z yondashuvini amalda ko‘rsatdi:
“S5+1” formati orqali mintaqaviy muloqotga maydon yaratdi;
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lining dastlabki bosqichlarini qo‘llab-quvvatladi;
7 yilda 15 dan ziyod yangi chegara punkti ochildi;
Tojikiston bilan tovar aylanmasi 120 million dollardan 800 million dollargacha o‘sdi;
ta’lim va madaniy-gumanitar sohada hamkorlik mustahkamlandi, qo‘shma universitetlar ochildi.
Respublikamiz nafaqat tashabbus ko‘rsatayotgan, balki nazariyani kafolatlayotgan, sokin va shu bilan birga samarali yetakchiga aylandi. Bu – mintaqaviy siyosatdagi eng muhim burilishlardan biri.
G‘oyadan institutlargacha: Shengen sari qadamlar
Ta’bir joiz bo‘lsa, Xo‘jand shartnomasi – mintaqaviy birdamlikning institutsional poydevori. Sammitda birinchi marta “Markaziy Osiyo Shengeni” g‘oyasi rasman tilga olindi. Bu – viza talab qilinmaydigan makon, bojxona va migratsiya siyosatini uyg‘unlashtirish loyihasi.
Bir paytlar sarob hisoblangan g‘oya bugun integratsiyaning mantiqiy bosqichiga aylanmoqda. Mintaqada qo‘shma yarmarkalar o‘tkazilmoqda: Xo‘jand, Andijon, O‘sh, avto va temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilgan: Dushanbe – Farg‘ona, O‘sh – Toshkent. 2024 yilning o‘zida 20 dan ziyod yangi aviareys ochildi. Talabalar almashinuvi ko‘lami jadal kengaymoqda.
Mazkur jarayon — imperiya yoki konfederatsiya emas, balki o‘zaro hurmatga asoslangan, ixtiyoriy va erkin hamkorlik maydoni yaratish maqsadini aks ettiradi.
Anklav emas – sivilizatsion bog‘lovchi kamar
Markaziy Osiyo –Yer sayyorasida chetdagi nuqta yoki bufer emas. Aksincha – chorraha. Shanxay va Istanbulni, Bryussel bilan Islomobodni bog‘lovchi rishta. Bu haqiqat o‘rnatilayotgan makromintaqaviy mantiqda yaqqol ko‘rina boshladi.
2026 yil ishga tushadigan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, CASA-1000 orqali Tojikiston va Qirg‘iziston elektr energiyasi Janubiy Osiyoga yetkazilishi, muayyan xavf-xatarga qaramay, mintaqa logistikasini o‘zgartirishi kutilayotgan Trans-Afg‘oniston yo‘nalishi, Farg‘ona, So‘g‘d va Botkendagi xablar yaqin kelajakda ta’lim, texnologiya va eksport kabi muhim sohalarda beqiyos imkoniyatlar ochishi e’tirof etilmoqda.
O‘rtacha yoshi 27 bo‘lgan 80 milliondan ziyod aholi yashaydigan bu hudud ulkan demografik va iqtisodiy salohiyatga ega. Binobarin, ichki ishonchsiz bu raqamlar faqat statistika vazifasini o‘taydi. Xo‘jand ana shu ishonch uyg‘unligining boshlanish nuqtasi bo‘ldi.Aks holda, “mintaqaviy renessans” g‘oyasi faqat orzu bo‘lib qolardi.
Xo‘jand bahori – siyosiy uyg‘onish ramzi
Xo‘jand bahori – bir kunlik siyosiy manzarami? Yo‘q! Endi chegaralar shunchaki chiziq emas, balki asriy jarohatlarni bitiruvchi malham ipi ekani ayon. Siyosat faqat kuch emas, balki bir-birini eshitish, tushunish, o‘zaro uyg‘unlashish. Yetakchilik shunchaki lavozim emas, balki el umidini yuzaga chiqarish mas’uliyati.
XXI asrda mintaqaviy ittifoqlar – tanlov emas, zarurat. Ishonch inqirozi, global beqarorlik va iqtisodiy qarama-qarshiliklar asnosida Markaziy Osiyo eng murakkab muammolarni ham birgalikda hal qilish mumkinligini namoyon etmoqda.
Navro‘z – yangilanish fasli. Va ehtimol, Xo‘jand aynan shu ayyomning siyosiy ifodaga aylangan nuqtasidir: o‘tmish kelajakka g‘ov emas, poydevor bo‘lgan on.