O‘zbekiston va Belarus: Kasbiy ta’limda strategik hamkorlikning yangi bosqichi
Davlatimiz rahbarining ta’kidlaganlaridek, yoshlar zamon bilan hamnafas, kelajakka tayyor va zamonaviy bilimlar bilan qurollangan mutaxassislar sifatida tarbiyalanishi lozim. “Kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki”, degan hikmatli fikr bugun yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda. Aynan shu sababli ham keyingi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikda kasb-hunar hamda professional ta’lim yo‘nalishi strategik ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Har ikki mamlakat iqtisodiyoti jadal sanoatlashuv va raqamli transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirayotgan bir paytda, yuqori malakali professional kadrlarni tayyorlash masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Belarus Respublikasining professional ta’lim sohasidagi ko‘p yillik tajribasi, zamonaviy o‘quv-uslubiy bazasi va ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘langan ta’lim modeli O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonning yosh va intiluvchan demografik salohiyati esa ushbu tajribalarni samarali o‘zlashtirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Natijada ikki davlatning ta’lim tizimlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan strategik sheriklik shakllandi.
Mazkur hamkorlikning poydevori 2018–2019-yillarda qo‘yildi. Aynan shu davrda ikki davlat o‘rtasida kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan dastlabki kelishuvlar imzolandi. O‘zbekistonning qator oliy va professional ta’lim muassasalarida Belarusning yetakchi universitetlari hamda kollej va texnikumlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shma fakultetlar, akademik almashinuv dasturlari va ta’lim loyihalari orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. 2020-yilda ta’lim va o‘qishga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning kuchga kirishi hamkorlik rivojidagi muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu hujjat natijasida ikki mamlakat ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi, qo‘shma ta’lim dasturlarining jozibadorligi yanada oshdi. Eng muhimi, bu qaror O‘zbekiston va Belarus ta’lim tizimlari o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlashga xizmat qildi.
So‘nggi yillarda hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2024-yil fevral oyida Belarus Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida professional ta’lim sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan alohida “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Ushbu hujjat zamonaviy kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, o‘quv dasturlarini integratsiyalash, pedagoglarning malakasini oshirish va ishlab chiqarish bilan ta’limni uyg‘unlashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Oradan ko‘p o‘tmay,
2024-yil 29–30-aprel kunlari Minsk shahrida Birinchi O‘zbekiston–Belarus professional ta’lim forumi tashkil etildi. Forum ikki davlat professional ta’lim tizimlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni almashish hamda yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirish uchun muhim platformaga aylandi. Unda professional ta’lim muassasalari, sanoat korxonalari va kompetensiya markazlari vakillari ishtirok etib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab oldilar.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida professional ta’lim sohasida yo‘lga qo‘yilgan strategik hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda bu munosabatlar alohida loyihalar yoki qisqa muddatli tashabbuslar doirasidan chiqib, har ikki davlatning uzoq muddatli taraqqiyot maqsadlariga xizmat qiluvchi tizimli hamkorlik modeliga aylandi. Ayniqsa,
2024–2025-yillarga mo‘ljallangan “Amaliy chora-tadbirlar rejasi” (Yo‘l xaritasi) qabul qilingani ushbu jarayonni yangi mazmun bilan boyitib, kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishning muhim mexanizmini yaratdi.
Mazkur Yo‘l xaritasining ijrosi doirasida ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mehnat bozori ehtiyojlariga mos, xalqaro talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash hamda samarali pedagogik yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon kasbiy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik salohiyatini rivojlantirish, o‘quv dasturlarini yangilash, pedagoglar malakasini oshirish va o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirishga qaratilgan. Jumladan, mamlakatimizda zamonaviy Kasbiy tayyorgarlik markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan 14 ta bazaviy kasbiy ta’lim muassasasi Belarus Respublikasining yetakchi Kompetensiya markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu hamkorlik doirasida o‘quv-uslubiy materiallar almashish, pedagog va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining kasbiy rivojlanish dasturlarida qatnashishi, qo‘shma seminar va treninglar o‘tkazilishi hamda ilg‘or o‘qitish texnologiyalarini o‘zlashtirish ishlari tashkil etilmoqda. Bunday hamkorlik modeli orqali xalqaro tajriba kasbiy ta’lim tizimiga muvaffaqiyatli tatbiq etilib, o‘quv jarayonining samaradorligi oshirilmoqda, amaliy tayyorgarlik mazmuni boyitilmoqda va ta’lim sifati yuksaltirilmoqda. Natijada o‘quvchilarning kasbiy kompetensiyalari mustahkamlanib, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash malakalari rivojlanmoqda, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi va bandlik imkoniyatlari ortmoqda. Shu bilan birga, hamkorlikning ushbu shakli xalqaro sifat standartlarini keng joriy etish, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hamkorlik jarayonining ilmiy-metodik jihatdan puxta tashkil etilishi ham alohida e’tiborga loyiq. Shu maqsadda Belarus Respublikasi Professional ta’lim instituti (RIPO) rektori V.N. Golubovskiy O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga maslahatchi sifatida jalb etildi. Uning ishtiroki o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro standartlarni joriy etish va hamkorlik loyihalarini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etib, amalga oshirilayotgan islohotlarning sifat va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zaro hamjihatlikdagi amaliy natijalari bevosita ta’lim jarayonida o‘z ifodasini topmoqda. Zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlari hamda sanoat korxonalarining yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan talabi asosida 2024-2025-o‘quv yilida 11 ta ustuvor va eng talab yuqori bo‘lgan kasb hamda mutaxassisliklar bo‘yicha integratsiyalashgan qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqildi. Ushbu dasturlar ishlab chiqilishida xalqaro tajriba, xususan Belarus Respublikasining ilg‘or kasbiy ta’lim modeli va O‘zbekiston iqtisodiyotining real sektoridagi amaliy ehtiyojlar o‘zaro uyg‘unlashtirildi. Ushbu yondashuv ta’lim mazmunini yangilash, nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar integratsiyasini kuchaytirish, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish muhiti bilan yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Dasturlar hozirgi kunda 13 ta kasbiy ta’lim muassasasida tajriba-sinov bosqichida muvaffaqiyatli joriy etilib, ularning samaradorligi bosqichma-bosqich tahlil qilinmoqda va takomillashtirib borilmoqda. Ayni paytda ushbu dasturlar asosida 834 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ular ta’lim jarayonida nafaqat nazariy bilimlarni egallamoqda, balki zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari, avtomatlashtirilgan tizimlar, raqamli boshqaruv jarayonlari hamda real ishlab chiqarish sharoitlarida yuzaga keladigan amaliy muammolarni hal etish ko‘nikmalarini ham shakllantirmoqda. Shuningdek, o‘quvchilar uchun dual ta’lim elementlari, ishlab chiqarish amaliyotlari va real korxonalarda stajirovkalar tashkil etilmoqda. Bu esa ularning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantirish hamda xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda. Natijada, mazkur dasturlar kelgusida iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va amaliy tajribaga ega, innovatsion fikrlaydigan malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga zamin yaratmoqda.
Kasbiy ta’lim sifatini ta’minlashda eng muhim omillardan biri – pedagog kadrlarning bilim, ko‘nikma va amaliy tajribasidir. Shu bois hamkorlik doirasida o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari hamda ta’lim muassasalarining boshqaruv xodimlari salohiyatini rivojlantirish, ularning ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratildi. 2024–2025-yillar davomida jami 46 nafar pedagog, ishlab chiqarish ta’limi ustasi va boshqaruv xodimi Belarus Respublikasida tashkil etilgan maxsus malaka oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Xususan, 2024-yil 12–19-avgust hamda 2025-yil 31-mart – 7-aprel kunlari tashkil etilgan o‘quv-amaliy tashriflar davomida ishtirokchilar Belarus Respublikasining Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti (RIPO) hamda 53 ta Kompetensiya markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Malaka oshirish dasturlari davomida ishtirokchilarga zamonaviy pedagogik texnologiyalar, kompetensiyaga asoslangan ta’lim yondashuvlari, ishlab chiqarish ta’limini samarali tashkil etish usullari, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda kasbiy ko‘nikmalarni baholash mexanizmlari bo‘yicha amaliy bilimlar berildi. Shuningdek, ular Belarusdagi ilg‘or kasbiy ta’lim muassasalarining faoliyati, o‘quv jarayonining ishlab chiqarish bilan integratsiyasi, zamonaviy ustaxonalar va laboratoriyalardan foydalanish tajribasi bilan tanishdilar. Tashriflar doirasida “Eko-texnopark – Volma” Resurs markazi, Industrial-pedagogika kolleji, Minsk davlat avtomexanika kolleji, Minsk radiotexnika kolleji, Minsk davlat temir yo‘l transporti kolleji, Belarus davlat transport universiteti huzuridagi Orsha temir yo‘l kolleji, Minsk davlat matbaa kolleji, Minsk davlat moda industriyasi kolleji, Smilovichi davlat kollejlari hamda ular huzurida tashkil etilgan Kompetensiya markazlariga tashriflar amalga oshirildi.
Tashrif davomida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy jihozlangan o‘quv laboratoriyalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish tajribasi hamda o‘quv jarayonida foydalanilayotgan ilg‘or texnologiyalar o‘rganildi. Ishtirokchilar bevosita amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘quvchilarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirish, ishlab chiqarish jarayonlariga yaqinlashtirilgan ta’lim muhitini yaratish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha samarali yondashuvlar bilan tanishdilar. Bundan tashqari, tajriba almashish, pedagogik hamkorlikni rivojlantirish va yangi metodik yondashuvlarni muhokama qilish maqsadida 30 dan ortiq onlayn hamda an’anaviy shakldagi seminarlar, mahorat darslari, davra suhbatlari va ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar davomida pedagoglar o‘zaro tajriba almashib, kasbiy fanlarni o‘qitish metodikasi, zamonaviy baholash mezonlari, ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqdilar.
O‘zbekiston va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik amaliy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, ta’lim muassasalari o‘rtasida bevosita aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. 2025-yil mart oyida pedagog xodimlar hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining Belarus Respublikasiga xizmat safarlarini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistondagi qo‘shimcha kasbiy ta’lim muassasalarini xalqaro hamkorlik jarayoniga jalb etish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu kelishuvlar natijasida uchta yangi ta’lim muassasasi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Toshkent transport texnikumi va Minsk davlat temir yo‘l transport kolleji, Toshkent nashriyot-matbaa texnikumi va V.Z. Xorujey nomidagi Minsk davlat matbaa kolleji, Xonqa tumani
2-son politexnikumi hamda Smilovich davlat kollejlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari hamda ularni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritalari imzolandi. Mazkur kelishuvlar doirasida pedagoglar malakasini oshirish, o‘quv-uslubiy tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, zamonaviy o‘qitish metodlarini joriy etish hamda o‘quvchilarning amaliy tayyorgarligini takomillashtirish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish belgilandi. Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ikki mamlakat kasbiy ta’lim tizimlari o‘rtasidagi muvofiqlashtiruvchi mexanizmlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2025-yil 19-avgust kuni Professional ta’limni rivojlantirish institutida Belarus Respublikasining Professional ta’lim respublika instituti (RIPO) bilan hamkorlikda onlayn shaklda Qo‘shma kengash yig‘ilishi tashkil etildi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida imzolangan “2024–2025-yillarda kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish yo‘l xaritasi” ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Unda belgilangan vazifalarning bajarilish darajasi, erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi. Hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar kasbiy ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ta’lim jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro standartlarga mos malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi. Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri 2025–2026-o‘quv yili uchun Belarus Respublikasi ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan 7 ta kasb bo‘yicha yangi o‘quv dasturlarini tasdiqlash masalasi bo‘ldi. Mutaxassislar mazkur dasturlarning mazmun-mohiyati, ularni o‘quv jarayoniga samarali joriy etish mexanizmlari hamda amaliy mashg‘ulotlar ulushini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanganidek, ushbu dasturlar o‘quvchilarning nafaqat nazariy bilimlarini mustahkamlash, balki ishlab chiqarish jarayonlarida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ham xizmat qiladi. Bu esa mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Uchrashuv davomida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli vazifalar ham muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini ko‘paytirish, pedagog va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining malakasini oshirish, o‘quv-uslubiy materiallarni yangilash hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Mutaxassislarning fikricha, bunday tizimli hamkorlik ikki mamlakat kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish bilan birga, ta’lim sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqadi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ta’lim aloqalarining yana bir muhim sahifasi 2025-yil 7–11-oktabr kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan “Innovatsion hamkorlik: oliy va professional ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston va Belarus forumi” bilan bog‘liq bo‘ldi. Mazkur nufuzli anjuman ikki mamlakat ta’lim tizimlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Forumda O‘zbekiston va Belarusning 20 dan ortiq kasbiy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, yetakchi mutaxassislari, ta’lim boshqaruvi organlari vakillari hamda ekspertlar ishtirok etib, zamonaviy ta’limning dolzarb masalalari yuzasidan o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Forum doirasida kasbiy ta’limni rivojlantirishning yangi tendensiyalari, raqamlashtirish jarayonlari, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish kabi masalalar keng muhokama qilindi. Ayniqsa, ta’lim muassasalari bilan korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, dual ta’lim elementlarini keng joriy qilish va o‘quvchilarni real ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Forum yakunlarida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar kasbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik faqat tajriba almashish bilan cheklanib qolmay, balki yangi loyihalar, qo‘shma dasturlar va innovatsion yondashuvlar orqali amaliy natijalarni ta’minlashga qaratilgan. Bu esa ikki davlatning iqtisodiy taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh hamda tashabbuskor mutaxassislar avlodini tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamdir.
O‘zbekiston va Belarus kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat vazirliklar darajasidagi strategik uchrashuvlar va yirik forumlar bilan, balki ta’lim tashkilotlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan bevosita muloqot va tajriba almashuvlari bilan ham izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘tkazilayotgan onlayn seminarlar, konferensiyalar va davra suhbatlari ikki mamlakat pedagoglari hamda ta’lim muassasalari rahbarlari uchun samarali hamkorlik platformasiga aylanmoqda.
Jumladan, 2025-yil 3-aprel kuni Belarus Respublikasining I. Schastniy nomidagi Grodno davlat elektrotexnika kolleji hamda Jizzax viloyati Zomin tuman 1-son politexnikumi hamkorligida “Ilmga qadam” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir zamonaviy jamiyatning ijtimoiy-madaniy muammolari, yoshlar tarbiyasida fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish hamda ta’lim muassasalarida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlandi. Seminar davomida ikki davlat mutaxassislari globallashuv sharoitida yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Muloqot yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tadbirlar sonini ko‘paytirish va pedagogik tajriba almashuvini muntazam yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldilar.
Kasbiy ta’lim tizimida amaliyotning o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim tadbirlardan biri 2025-yil 28-may kuni Belarusning Jirovichi davlat agrar-texnik kolleji hamda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman 2-son politexnikumi pedagoglari ishtirokida tashkil etilgan onlayn konferensiya bo‘ldi. Konferensiyada o‘quv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etishning zamonaviy yondashuvlari, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini baholashning innovatsion metodlari, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar kasbiy ta’limda nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish, korxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda o‘quvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdilar. Ta’kidlanganidek, mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim muhim omil hisoblanadi. 2025-yil
9-dekabr kuni esa Urganch shahar 2-son politexnikumi hamda Minsk davlat moda va sanoat kolleji o‘rtasida “Fuqarolik va vatanparvarlik tarbiyasi” mavzusida onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida yoshlarning fuqarolik ongini yuksaltirish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyat va davlat taraqqiyotidagi mas’uliyatini kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ta’lim jarayonida tarbiyaviy ishlarning o‘rni, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularda Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar. Ushbu uchrashuv ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik tobora keng qamrovli tus olayotganini yaqqol namoyon etadi. Hamkorlik bugungi kunda nafaqat o‘quv dasturlari va kasbiy tayyorgarlik masalalarini, balki yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, fuqarolik mas’uliyatini shakllantirish, vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish kabi muhim yo‘nalishlarni ham qamrab olmoqda. Eng muhimi, bunday muloqotlar ikki davlat ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro ishonch va professional hamkorlikni mustahkamlab, ilg‘or tajribalarni almashish hamda zamonaviy ta’lim standartlariga mos kadrlar tayyorlash uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shu jihatdan, O‘zbekiston va Belarusning kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorligi strategik sheriklikning amaliy natijalarga yo‘naltirilgan, istiqbolli va barqaror modeliga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida shakllanayotgan hamkorlik bugun alohida loyihalar yoki qisqa muddatli tashabbuslar doirasidan chiqib, uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasining muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Zamonaviy dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki inson kapitalining sifati, malakali kadrlar zaxirasi va ta’lim tizimining samaradorligi bilan ham belgilanadi. Shu nuqtai nazardan, ikki mamlakatning kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorligi kelajak taraqqiyotiga qaratilgan muhim investitsiya sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Kelgusi yillarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida o‘quv dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyani yanada kuchaytirish, bo‘lajak mutaxassislarning amaliy tayyorgarligini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish hamda kasbiy ta’lim muassasalarining innovatsion salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ayniqsa, sanoatning yuqori texnologik tarmoqlari, raqamli iqtisodiyot, muhandislik, energetika, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasi uchun zamon talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash borasidagi qo‘shma dasturlar hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Shuningdek, pedagoglar va ishlab chiqarish ta’limi ustalarining malakasini oshirish, ularning xalqaro tajriba almashuv dasturlarida ishtirokini kengaytirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish masalalari ham ustuvor vazifalar qatoridan o‘rin olmoqda. Chunki zamonaviy kasbiy ta’limning muvaffaqiyati, avvalo, pedagog kadrlarning bilim va mahorati bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasidagi professional muloqotlarni yanada faollashtirish, qo‘shma seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va stajirovkalar sonini ko‘paytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Raqamli transformatsiya jarayonlari tobora jadallashib borayotgan bugungi sharoitda ta’lim tizimlarini raqamlashtirish, masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, virtual laboratoriyalar va simulyatsion o‘quv platformalarini yaratish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ham alohida e’tiborga loyiq. Bu nafaqat ta’lim sifati va qamrovini oshirishga, balki bo‘lajak mutaxassislarning zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Kelajakda sun’iy intellekt, robototexnika, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma o‘quv modullarini ishlab chiqish ikki mamlakat hamkorligining yangi qirralarini ochib berishi mumkin.
Bundan tashqari, kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni hududlar kesimida yanada kengaytirish, bo‘lajak mutaxassislar va pedagoglarning akademik mobilligini rivojlantirish, qo‘shma tanlovlar, mahorat darslari hamda kasbiy mahorat chempionatlarini tashkil etish orqali xalqaro tajriba almashuv imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa bo‘lajak mutaxassislarning dunyoqarashini boyitish, ularni innovatsion fikrlashga undash va global mehnat bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Aslida, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikning eng katta qadriyati faqat yangi o‘quv dasturlari yoki qo‘shma tadbirlar bilan o‘lchanmaydi. Uning asosiy natijasi – ikki mamlakatning ta’lim salohiyati, ilmiy-pedagogik tajribasi va innovatsion yondashuvlarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirishga qaratilganidadir. Bugun qo‘yilayotgan har bir qadam ertangi kunning malakali muhandisi, texnologi, energetigi, agrar sohasi mutaxassisi yoki zamonaviy ishlab chiqarish ustasini tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, O‘zbekiston va Belarusning kasbiy ta’lim sohasidagi strategik sherikligi nafaqat bugungi ehtiyojlarga javob beruvchi, balki kelajak taraqqiyotining intellektual va professional poydevorini yaratishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan hamkorlik modelidir. Bu hamkorlikning yangi bosqichlari ta’lim, ishlab chiqarish va innovatsiyalar uyg‘unlashgan, inson kapitali eng katta boylik sifatida e’tirof etiladigan taraqqiyot yo‘lida yanada keng imkoniyatlar eshigini ochib berishi shubhasiz.
Azimjon Xusanov,
Kasbiy ta’lim agentligi direktori