Iqtisodiy hamkorlik
Iqtisodiy hamkorlik
O'ZBEK-KUVAYT IQTISODIY HAMKORLIGI
2004 yil 19-yanvarda imzolangan Savdo, iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to'g'risidagi Bitimga asosan ikki davlat o’rtasida Hukumatlararo qo'shma komissiya tuzilgan.
2015 yil 5-6 noyabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan Xalqaro investitsiya forumida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg’armasi Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasi menejeri Yusuf al-Badr, "KAMKO Investment" kompaniyasining vitse-prezidenti o’rinbosari Xarish Kumar Chopra, "Qurain Petrochimical Industries Company" kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo'yicha menejeri Muhammad an-Nosir, “Kuwait Investment Co.” kompaniyasi bosh direktori Favaz Sulaymon al-Ahmad va ushbu kompaniya bosh direktorining birinchi o'rinbosari Talol Sulaymon al-Fahad ishtirok etdi.
2017 yil 7-10 fevral kunlari O'zbekistonning iqtisodiy tuzilmalari vakillaridan tashkil topgan delegasiya Kuvaytga tashrif buyurdi. Tashrif mobaynida Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg’armasi, “KIPCO xolding” kompaniyasi, Kuvayt investitsiya agentligi, Kuvayt investitsiya kompaniyasi va Kuvayt neft korporatsiyasi rahbarlari bilan muzokara va uchrashuvlar o'tkazildi. Kuvayt Savdo-sanoat palatasida O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumi tashkil etildi.
2017 yil 11-14 mart kunlari O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi ijrochi direktori R.Gulamov boshchiligidagi delegatsiya Kuvaytda bo'ldi.
“KIPCO xolding” guruhining vitse-prezidenti Faysal al-Ayyar (2017 yil 3-7 may), “Burganbank” (2017 yil dekabr), Kuvayt investitsiya kompaniyasi bosh direktori Favaz al-Ahmad (2017 yil 7-13 may va 2018 yil noyabr), “Al-Amakin Al-Alamiya” kompaniyasi (2018 yil noyabr va 2019 yil yanvar) va “Al-Shaya” prezidenti Muhammad al-Shaya (2019 yil fevral) boshchiligidagi delegatsiyalarning O’zbekistonga tashriflari amalga oshirildi.
2019-yil 5-6 may kunlari Namangan shahrida bo’lib o’tgan "Invest in Namangan" Xalqaro investitsion forumida Kuvayt kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
2021 yilning 27 iyunidan Kuvaytning “Jazeera Airways” kompaniyasi tomonidan Al-Kuvayt-Toshkent-Al-Kuvayt yo’nalishida muntazam aviaqatnovlar yo’lga qoyildi.
2021 yil 2-4 sentabr kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilari kengashining 46-yig’ilishida Kuvayt moliya vaziri Xalifa Hamada va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg’armasi vakillari ishtirok etdilar.
2022 yil 24-26 mart kunlari o’tkazilgan “Toshkent xalqaro investitsiya forumi” faoliyatida Kuvaytning “Al Shall”, “Al-Safwa Security & Defense System Co”, “NEOCARE”, “KOT Medical” va “Hawazin Regional Trading Co” kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg'armasi (KAITJ) bilan 1997 yildan buyon faol hamkorlik amalga oshirilib kelinmoqda. O'zbekistonda Kuvaytning imtiyozli kreditlari hisobidan sog'liqni saqlash, ta'lim va turli infratuzilma sohalarida yirik ijtimoiy loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar O'zbekiston Hukumati bilan KAITJ o'rtasida umumiy qiymati 213,2 mln. dollarga teng bo'lgan 10 ta Zayom bitimi hamda 2,5 mln. dollarga teng bo'lgan 4ta texnik yordam ko'rsatish to'g'risida bitim imzolangan.
So’nggi yillarda O’zbekiston va Kuwayt o’rtasidagi savdo aloqalar muntazam rivojlanib bormoqda. Xususan, 2020 yilda ikki davlat o’rtasidagi o’zaro savdo aylanmasi 1,2 mln. dollarni tashkil etib, respublikamiz eksporti 1,14 mln. dollarga yetdi. 2021 yilda esa o’zaro savdo aylanmasi 903,9 ming dollar bo’lib, o’zbek eksporti 841 ming dollarga to’g’ri keladi.