Toshkentda SHHTning joriy yildagi bosh siyosiy voqeasi – Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining Samarqand sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun mustahkam poydevor yaratildi
Toshkentda SHHTning joriy yildagi bosh siyosiy voqeasi – Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining Samarqand sammitini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun mustahkam poydevor yaratildi
TOSHKENT, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. 28-29 iyul kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining (SHHT TIVK) majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi ishlar idoralari rahbarlarining uchrashuvi O‘zbekistonning SHHTga amaldagi raisligining muhim voqealaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev anjuman arafasida vazirlarni qabul qildi. Davlatimiz rahbari SHHT mamlakatlari vazirlariga murojaat qilar ekan, bugun dunyo oqibatlarini prognozlashtirish qiyin bo‘lgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan tub transformatsiya jarayonlarini boshidan kechirayotganini taʼkidladi. Global miqyosda ishonch va o‘zaro anglashuv taqchilligi tobora o‘tkir sezilmoqda. Bunday murakkab sharoitda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga mos ravishda chora ko‘rish uchun saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va ko‘p tomonlama asosda yaqindan hamkorlik qilishga ehtiyoj kuchayib bormoqda.
Poytaxtimizdagi Kongress-markazda bo‘lib o‘tgan SHHT TIVKning navbatdagi yig‘ilishida Tashkilotga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari, shuningdek, SHHT Bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori ishtirok etdi.
Uchrashuvda SHHT Davlat rahbarlari kengashining 2022 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida eʼtibor qaratildi. Vazirlar SHHTning navbatdagi sammiti uchun yakuniy hujjatlarning salmoqli jamlanmasini tasdiqladi. O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish majmuaviy rejasi, O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi, Ishbilarmon doiralar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturlari, «SHHTning yaxshi niyat elchisi» faxriy unvoni to‘g‘risidagi nizom va boshqalar shular jumlasidandir.
SHHTga aʼzo davlat, kuzatuvchi davlat va muloqot bo‘yicha hamkor maqomlarini olish bo‘yicha kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish tadbir kun tartibidagi muhim masalalardan bo‘ldi. Xususan, Eron Islom Respublikasining SHHTga to‘laqonli aʼzo bo‘lish yo‘lida bir qarorga kelindi. Belarus Respublikasining arizasini o‘rganish jarayoni boshlandi. Misr, Saudiya Arabistoni va Qatarga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi memorandumlar imzolashga tayyorlanmoqda. Shuningdek, Samarqand sammitida Bahrayn va Maldiv orollariga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish jarayonini boshlash bo‘yicha ham qarorlar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.
Tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, SHHT faoliyatining turli yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, uning xalqaro hamkorlar bilan institutsional aloqalarini kengaytirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish raisi, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov mamlakatimizning SHHTga raisligi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar, shuningdek, Samarqand sammitida muhokama etilishi rejalashtirilayotgan asosiy masalalar haqida ishtirokchilarga maʼlumot berdi.
– Sammitning asosiy siyosiy hujjati – Samarqand deklaratsiyasi loyihasida mamlakatlarimizning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha hamjihatlikdagi pozitsiyalari o‘z ifodasini topgan, – dedi u. – Amaliy hamkorlikni yana-da takomillashtirish, mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlar belgilab qo‘yilgan.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish va SHHTni kengaytirishda birgalikdagi saʼy-harakatlar juda muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi. U Hindistonning SHHT doirasidagi hamkorlikni va o‘zaro ishonchni kuchaytirish tarafdori ekanini maʼlum qildi. “Chunki jahon hamjamiyati pandemiya hamda turli mojarolardan keyin global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida misli ko‘rilmagan energetika va oziq-ovqat taʼminoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Bunday qiyinchiliklarga qarshi kurashish uchun biz ko‘p tomonlama munosabatlarni isloh qilishimiz va qayta tiklashimiz, shuningdek, taʼminot zanjirlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, dedi u.
Vazir, shuningdek, o‘z mamlakati Afg‘onistonning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy birligini hurmat qilinishini yana bir karra taʼkidlar ekan, tinch, xavfsiz hamda barqaror Afg‘onistonni qatʼiy qo‘llab-quvvatlashini aytdi. “SHHT doirasida Hindiston Afg‘onistonga har tomonlama yordam bermoqda. Biz allaqachon Kobuldagi Indira Gandi kasalxonasiga 40 ming tonna bug‘doy, koronavirusga qarshi 500 ming doza vaksina yetkazib berdik”, dedi Hindiston tashqi ishlar vaziri.
U Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mustahkam aloqalar uzoq tarixga borib taqalishi va uni qayta tiklash vaqti kelganini qayd etar ekan, 2016 yildan beri Hindiston Erondagi “Chahbahar” bandargohini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirib kelayotganini aytdi. “Eron 2022 yilda Samarqand sammitida SHHTga aʼzo davlat sifatida qo‘shilishi bilan “Chahbahar” porti Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dengizga xavfsiz chiqishni taʼminlaydi”, dedi Hindiston TIV rahbari.
Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va o‘zaro ishonchni chuqurlashtirish masalalari o‘zining dolzarbligini saqlab qolayotgani va ular Tashkilot kun tartibidagi "tamal toshi" hisoblanishini bayon qildi.
Qozog‘iston tashqi siyosat idorasi rahbari xalqaro xavfsizlik arxitekturasidagi so‘nggi tektonik siljishlarni hisobga olgan holda SHHT o‘zining zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga bo‘lgan yondoshuvlarini dolzarblashtirmog‘i lozimligini qayd etdi. Bunda terrorizm, ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish va xalqaro axborot xavfsizligi sohalarida kelishilgan va qabul qilingan dasturiy hujjatlar ijrosini davom ettirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
U terrorizmning moliyalashtirilishiga qarshi kurashni, shuningdek, uni oziqlantiradigan terroristik, separatistik va ekstremistik mafkuraning tarqalishini oldini olish uchun umumiy saʼy-harakatlarni faollashtirish kerakligini taʼkidladi.
“SHHTga aʼzo davlatlar terrorizmdan xoli dunyoga erishishi uchun Odob-axloq kodeksini yana-da ilgari surishda tizimli ravishda ishtirok etishi muhim, deb hisoblaymiz, - dedi vazir. - SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining tashkilot mamlakatlarining tegishli tashabbuslarini hisobga olgan holda SHHTga aʼzo davlatlar xavfsizligiga tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi talab etilmoqda”.
Xitoy TIV rahbari Van I birdamlik va o‘zaro hamkorlik tamoyillariga sodiq qolishga daʼvat etdi. Joriy yil SHHT Xartiyasi imzolanganining 20 yilligi va SHHTga aʼzo davlatlarning Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomasi imzolanganining 15 yilligi bilan nishonlanishi bilan tarixga kirdi. Vazir shunday dedi: “Bizlarning asosiy hujjatlarda mustahkamlangan maqsad va tamoyillarga rioya qilishimiz, ko‘p yillar oldin o‘zaro ishonchga qo‘yilgan asosni mustahkamlashni davom ettirishimiz, yuzaga kelgan qimmatli birdamlikni hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, tub manfaatlar va muhim masalalar bo‘yicha bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, qarama-qarshilik va tushunmovchiliklarni risoladagidek boshqarishimiz, davlat suvereniteti, xavfsizlik va rivojlanish manfaatlarini mustahkam himoya qilishimiz muhim”.
Xitoy tashqi ishlar vaziri “Xitoy birdam, teng, muvozanatli va hamma bahramand bo‘ladigan sheriklik yo‘lidagi global rivojlanish bo‘yicha tashabbusni birgalikda amalga oshirishga tayyor” ekanini tasdiqladi.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev o‘z mamlakati SHHT Samarqand sammitiga tayyorgarlik doirasida bunday keyin ham yana-da yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanini bayon qildi.
Uning aytishicha, bugungi kunda SHHT sammitidan so‘ng davlat rahbarlari tomonidan imzolanishi mo‘ljallanayotgan turli sohalarga oid 40 dan ortiq hujjatni o‘z ichiga olgan salmoqli to‘plam ekspertlar darajasida muhokama qilinmoqda va kelishilmoqda.
“Umuman olganda, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston raisligi davrida mintaqa va umuman dunyodagi mavjud voqelik hamda tendensiyalardan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni qo‘llab-quvvatlaydi, - deya taʼkidladi vazir. - SHHTning bo‘lajak Samarqand sammitidagi muhim masalalaridan biri Davlat rahbarlari kengashining 2021 yil sentyabrdagi qarorlari asosida SHHTni kengaytirish masalasi bo‘ladi. Xususan, tashkilotga aʼzo davlatlar Eron Islom Respublikasining SHHT aʼzoligiga qo‘shilishi bo‘yicha zarur ishlarni olib bordi”.
Pokiston tashqi ishlar vaziri Bilaval Bxutto Zardariy tarixiy va go‘zal Toshkent shahriga tashrif buyurganidan mamnuniyat bildirgani barobarida SHHT TIVK yig‘ilishini yuksak darajada tashkil etgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.
U shu paytga qadar SHHT juda katta yo‘lni bosib o‘tgani hamda hozirgi paytda tuzilma juda yaxshi shakllangan transmintaqaviy, transmilliy tashkilot bo‘lib, dunyo aholisining 41 foizi, umumiy quruqlikning 21 foizi va jahon YAIMning 23 foizini qamrab olishini qayd etdi.
“Pokiston Transafg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘yicha o‘zbek va afg‘on birodarlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo davlatlarini Pokiston bandargohlari bilan bog‘lagani holda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yana-da kuchaytiradi”, dedi u.
Pokiston tashqi siyosat idorasi rahbari terrorizmning xalqaro hamjamiyat uchun eng jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolayotganiga eʼtibor qaratar ekan, o‘z mamlakati terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishda hamkorlik uchun doim tayyor ekanligini maʼlum qildi.
“Biz SHHT doirasida Saudiya Arabistoni, Qatar va Misr bilan yangi muloqotlar tashkil etishga tayyormiz, shuningdek, Eronning tashkilotga to‘laqonli aʼzo sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, dedi Bilaval Bxutto Zardariy.
“Hozirgi geosiyosiy sharoitda Rossiya SHHT faoliyatiga alohida eʼtibor qaratmoqda, - dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. - Tashkilot makonida siyosiy hamkorlikning mustahkam tajribasi to‘plangan, ixtisoslashtirilgan mexanizmlarning keng tarmog‘i yaratilgan va muhim huquqiy baza shakllangan. SHHT ana shu boy salohiyatdan kelib chiqqan holda adolatli, demokratik dunyo tartibini shakllantirishga hissa qo‘shishga qodir. Bu vazifalarni konstruktiv kun tartibi asosida aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish, SHHT nizomi va boshqa hujjatlariga muvofiq holda o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarga qatʼiy rioya qilish orqaligina hal etish mumkin”.
U tashqi siyosatni, birinchi navbatda, BMT doirasida muvofiqlashtirishni yana-da kuchaytirish, transport, energetika va axborot xavfsizligi, qurollanish poygasining oldini olish, yadroviy qurollarni tarqatmaslik kabi hayotiy muhim masalalar bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama formatlarda muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligi qayd etdi.
Rossiya TIV rahbari Afg‘oniston muammosiga ham alohida to‘xtalar ekan, «Kobul bilan aloqalarimizda biz amaldagi muvaqqat hukumatni etnik-siyosiy inklyuziv hukumat yaratish, terrorizm va narkotik moddalar savdosi tarqalishiga qarshi turish, inson huquqlarining asosiy tamoyillariga rioya qilish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish zarurligiga daʼvat etayapmiz”, dedi. Rossiya TIV rahbari bunday saʼy-harakatlarni insonparvarlik yordami ko‘rsatish orqali qo‘llab-quvvatlashini, xususan, o‘z mamlakati iyul oyida Afg‘onistonning janubi-sharqida sodir bo‘lgan zilziladan jabr ko‘rgan aholiga insonparvarlik yordami jo‘natganini qayd etdi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri taʼkidlaganidek, O‘zbekiston tomonining tashabbuskorligi tufayli transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik, energetika sohasida hamkorlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, raqamli transformatsiya, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, yuqori texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan mustahkam hujjatlar to‘plami ishlab chiqildi.
Sergey Lavrov, shuningdek, o‘zbekistonlik hamkorlar tashabbusi bilan fan-texnika, madaniyat, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar aloqalari kabi sohalarda o‘tkazilayotgan turkum tadbirlarni yuqori baholadi. U hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi Turizm sohasidagi hukumatlararo bitim va Muzey ishi sohasidagi memorandum bilan to‘ldirilganini hamda «SHHT yaxshi niyat elchisi» institutining tashkil etilishi ham foydali qadam bo‘lganini ham alohida taʼkidladi.
«SHHT o‘zining uchinchi o‘n yilligiga dunyodagi jadal o‘zgarishlar sharoitida kirdi, - dedi Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin. - Bunday sharoitda SHHT mintaqada va dunyoda ijodiy kun tartibiga ega nufuzli omil bo‘lib qolishi uchun birgalikda chora-tadbirlarni ko‘rish muhimdir.
«Tojikiston SHHTning ijtimoiy-iqtisodiy kun tartibini boyitishga, mintaqaning barqaror o‘sishi va rivojlanishi uchun milliy rivojlanish strategiyasini birlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, - dedi vazir. - Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi va energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish tarafdorimiz.
Maʼlumki, o‘tgan yili Tojikistonning taklifi va SHHT mamlakatlari ko‘magi bilan o‘zaro hamkorlikning ikkita yangi mexanizmini – SHHTga aʼzo davlatlar sanoat vazirlari va energetika vazirlari uchrashuvini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik.
Bu boradagi ishlarni davom ettirib, joriy yilda tegishli vazirlik yig‘ilishlarini o‘tkazayotgani uchun O‘zbekiston raisligidan minnatdormiz.
Rejalashtirilgan Ishbilarmon doiralar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturi va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlik dasturi qabul qilinishini olqishlaymiz».
SHHT Bosh kotibi Chjan Min O‘zbekistonning tashkilotdagi raisligini yuksak baholar ekan, ularning natijalarini samarali, deya qayd etdi.
«O‘zbekiston raisligida 100 dan ortiq tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, bular sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Samarqand sammiti uchun ajoyib ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi, - deya taʼkidladi Bosh kotib. - Joriy yilgi sammit yakunlari bo‘yicha imzolash uchun taklif etilgan hujjatlarning aksariyati vazirlar darajasida kelishilgan. O‘zbekiston tashabbusi doirasida tomonlar axborot texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish, o‘simliklar karantini va boshqa sohalarda hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishga tushirdi».
Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, «SHHT oilasi»ning kengayishi yangi rivojlanishga erishdi. «Eronga aʼzo davlat maqomini berish ishlari izchil davom etmoqda, - dedi Chjan Min. - Samarqand sammitida imzolash uchun tegishli memorandum taqdim etiladi. Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot hamkori maqomini taqdim etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Tomonlar, shuningdek, ayrim mamlakatlarning SHHTga aʼzo bo‘lish maqomini yoki arizalarini ko‘tarish masalalarini ham faol muhokama qilmoqda».
SHHT bosh kotibi, shuningdek, Samarqand sammiti SHHTning bu yilgi eng muhim voqeasi bo‘lishini taʼkidladi. «Men ushbu qadimiy madaniy-tarixiy shaharni ziyorat qilish baxtiga muyassar bo‘ldim va O‘zbekiston rahbariyatining ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rayotganiga bevosita guvoh bo‘ldim», dedi u.
Chjan Min bo‘lajak sammit SHHT taraqqiyotining yangi davrini boshlab berishiga amin ekanini ham bildirdi.