O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan Vengriyaga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rasmiy tashrif bilan Vengriyaga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya tomonining taklifiga binoan 3-4 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Ikki mamlakat yetakchilarining o‘tgan yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, bo‘lajak sammit davlatimiz rahbarining javob tashrifi ekanini ta’kidlash joiz.
Tashrif doirasida Budapesht shahrida Vengriya Prezidenti Katalina Novak va Bosh vaziri Viktor Orban bilan oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston-Vengriya sammitining kun tartibidan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, farmatsevtika, agrosanoat majmui, mashinasozlik, suvni tejash va boshqa yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashiladi.
Muzokaralar yakunida qo‘shma bayonot va ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.