Toshkentda MDH ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi bo‘lib o‘tmoqda
Toshkentda MDH ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi bo‘lib o‘tmoqda
Poytaxtimizda «Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi bo‘lib o‘tayotir, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zA maʼlumotiga ko‘ra, Gumanitar hamkorlik: o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari» mavzusida bo‘lib o‘tayotgan joriy yilgi forumda mamlakatimiz hamda MDH respublikalarining fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohasi faollari ishtirok etmoqda.
Anjumanda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedevning tadbir ishtirokchilariga tabrigi o‘qib eshittirildi.
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘z nutqida yangilanib borayotgan Vatanimizda madaniyat va sanʼat, ilm-fan rivojiga islohotlar jarayonining ustuvor jihati sifatida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlashdi.
MDHga aʼzo davlatlardan 200 nafardan ortiq ijodkor va ilmiy ziyolilar qatnashayotgan mazkur yubiley forumi barcha ishtirokchilarning hamkorlikka va hamjihatlikka bo‘lgan qatʼiy ishonch va intilishini yaqqol namoyon etmoqda.
MDH Ijodkor va ilmiy ziyolilarining forumlari 2006 yildan boshlab turli mamlakatlarda navbatma-navbat o‘tkazib kelinmoqda. Ular Hamdo‘stlik mamlakatlarida har yili o‘tkaziladigan eng yirik gumanitar tadbir bo‘lib, unda o‘tgan yil yakunlari sarhisob qilinadi. Qo‘shma harakatlar rejalari muhokama qilinadi, fan, taʼlim, madaniyat, axborot, turizm, sport, yoshlar bilan ishlash sohalarida hamkorlikning eng dolzarb masalalari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Plenar yig‘ilishlarda va ixtisoslashtirilgan bo‘limlarda olimlar, pedagoglar va sanʼatkorlar kasbiy hamkorlikning turli jihatlarini - taʼlim sohasidagi hamkorlikning yangi formatlari, yoshlar bilan ishlashda uzluksizlik va innovatsiyalar, madaniyatlararo muloqotni shakllantirish, adabiyot va kitob-nashriyot sohasida hamkorlikda integratsiya mexanizmlari muhokama qilinmoqda. Markaziy davra suhbati MDHda «Xalq ijodiyoti va madaniy merosi yili» deb eʼlon qilingan yilning asosiy mavzusiga bag‘ishlandi.
Sanʼat, fan va taʼlim sohasidagi ulkan muvaffaqiyatlari uchun beriladigan MDHning Davlatlararo bosh mukofoti – «Hamdo‘stlik yulduzlari» laureatlarini tantanali taqdirlash marosimi forumning yuksak nuqtasi bo‘ldi. MDH davlatlarining yoshlar mukofoti – «Hamdo‘stlik debyutlari» sovrindorlari ham o‘z mukofotlarini oldilar.
Anʼanaga ko‘ra, forum doirasida Hamdo‘stlik madaniyati poytaxtlari estafetasi topshirildi. Bu yil Qirg‘izistonning Qorako‘l shahri Hamdo‘stlik madaniyati poytaxti maqomida bo‘lish tajribasini MDH-2023 bosh madaniyat markazi Sankt-Peterburg bilan o‘rtoqlashdi.
Forumlarning yana bir anʼanasi – MDH davlatlarining gumanitar sohadagi hamkorlikdagi faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etishdir. Bu safargi ko‘rgazma Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi mavzuga doir yillarning asosiy tadbirlariga bag‘ishlanadi.
Forumning madaniy dasturi doirasida MDH davlatlarining Yoshlar simfonik orkestri chiqishlari namoyish etildi.