O'zbekiston elchisi Kuvayt tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi
O'zbekiston elchisi Kuvayt tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi
AL-KUVAYT, 21-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning yangi tayinlagan elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulloh Ali al-Yahyoga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kuvayt tashqi siyosat idorasida bo'lib o'tgan uchrashuvda ikki tomonlama yaqin hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O'zbekiston va Kuvayt o'rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ilm-fan, ta'lim va madaniy-ma'rifiy sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va qo'shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish yo'nalishlarida hamkorlik jadallashtirish muhimligi alohida ta'kidlandi.
Tomonlar, shuningdek, joriy yilda rejalashtirilgan tadbirlar jadvalini ham ko'rib chiqdilar.
Suhbat yakunida Kuvayt tashqi ishlar vaziri O'zbekiston elchisini mas'uliyatli lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutlab, diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ayubxon Yunusov 6-fevral kuni Kuvayt poytaxtiga tashrif buyurgan edi. Kuvaytga tayinlanishidan oldin u O'zbekiston TIVning Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig'i lavozimida ishlab kelayotgan edi.