O‘zbekiston: saylovda ovoz berish boshlandi
O‘zbekiston: saylovda ovoz berish boshlandi
Bugun, 2024 yil 27 oktyabr soat 08.00da O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlarining saylovi boshlandi.
Bosh qomusimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar.
Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
Bugun yurtdoshlarimiz, ish, o‘qish yuzasidan boshqa davlatlarda yashayotgan vatandoshlarimiz saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Saylov kodeksining 51-moddasiga ko‘ra, ovoz berish saylov kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga ega.
Aytib o‘tish kerakki, Markaziy saylov komissiyasi xabariga ko‘ra, bu galgi saylovda 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan.
O‘n mingdan ortiq saylov uchastkalari fuqarolarning ovoz berishi uchun tayyor holatda.
Muhimi, saylovlarni o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, shuningdek saylov komissiyalari joylashgan binolarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari va boshqa tashkiliy masalalar hal etilgan.
Har bir saylovchi muhim siyosiy jarayonda ishtirok etish orqali nafaqat o‘z konstitutsiyaviy huquqini amalga oshiradi, balki kelajak uchun ovoz beradi.
Norgul Abduraimova, O‘zA