Do‘stona aloqalar mustahkamlanmoqda

Do‘stona aloqalar mustahkamlanmoqda
Kuvayt - O‘zbekiston hamkorligi
So‘nggi yillarda muhtaram Yurtboshimizning bevosita rahnamoligida Yangi O‘zbekiston dunyo hamjamiyati bilan ko‘plab sohalarda madaniy, iqtisodiy, turizm almashinuvi yuzasidan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlab bormoqda. Jahon hamjamiyati ham Yangi O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, e’tirof etmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari xususida 1-9 fevral kunlari mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Kuvaytda O‘zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tadbirlarida ham so‘zlab berildi. Shuningdek, tadbirlar davomida tashqi savdoni rivojlantirish, yurtimizdagi erkin iqtisodiy va sanoat hududlari faoliyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar, O‘zbekistonda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar, xususan, zamonaviy mehmonxonalar va infratuzilma haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘zaro yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilganini “Jazeyera” aviakompaniyasi tomonidan Al-Kuvaytdan Toshkent va Namangan shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘z navbatida O‘zbekistonning gastronomik, ekologik va qishki turizm kabi yo‘nalishlari hamda yurtimizning tog‘li hududlarida tashkil etilgan sayyohlik ob’ektlari kuvaytliklar o‘rtasida qiziqish uyg‘otayotgani diqqatga sazovordir.
Mamlakatimizning barcha hududlarida turli sohalarda sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Yurtimizda davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan yirik loyihalar kuvaytliklarni ham befarq qoldirmayapti.
So‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar qatorida Kuvayt fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani ham o‘zaro do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadamlardan biridir.
Bundan tashqari, hozir Kuvaytdagi salohiyatli ish beruvchi va rekruting kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish hamda O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini Kuvaytga jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish yuzasidan ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu mamlakatning yetakchi “Kuwait Agriculture Company”, “Gulf Care Trade”, “AlJaber Group Holding”, “NBTC Group”, “Me Career”, “Brunel Energy Kuwait”, “Diversity Tech” kompaniyalari va “Courtyard by Marriott” mehmonxonasi rahbarlari bilan O‘zbekiston delegatsiyasi samarali muzokaralar o‘tkazdi.
O‘tkazilgan uchrashuvlar davomida O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini jalb etish, til va kasbiy o‘qitish markazlarini birgalikda tashkil etish, nomzodlarni tanlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish, yurtimizda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va boshqa masalalar muhokama qilinganligi ham e’tiborlidir. O‘zbekiston vakillari kelgusida Kuvayt tomoni taqdim etgan talabnomalar asosida ushbu mamlakatda ishlashga xohish bildirgan nomzodlarni taqdim etadi.
Kuvayt-O‘zbekiston hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi va keng jozibadorlik kasb etishi yuzasidan Kuvayt ommaviy axborot vositalari ham ko‘p yozmoqda. Xususan, “Al-Tijariya" kompaniyasining O‘zbekistonda ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilmani rivojlantirishga oid istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritish imkoniyatlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda atroflicha muhokama qilindi. “O‘zbekiston tomoni mazkur sohalarda yuqori investitsiya imkoniyatlari mavjudligini bildirdi”, deb yozildi Kuvayt gazetalarida.
O‘z navbatida 2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi ham kuvaytliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qolaversa, 16 fevral kuni Kuvayt Savdo-sanoat palatasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Kuvayt biznes forumi ham ikki davlat o‘rtasidagi kelgusi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun xizmat qiladi, deya olamiz.
Ushbu biznes forum doirasida Sirdaryo delegatsiyasi ham viloyatning ekoturizm, gastronomik turizm kabi imkoniyatlarini namoyon etishni rejalashtirgan. Keyingi yillarda Sirdaryo viloyatida ham turizm sohasining rivojlanayotganligi, yildan yilga xorijiy sayyohlar sonining ortib borayotganligi, ishonamizki, kuvaytliklarning ham vohamizga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi.
Manuchehr Mirzayev,
Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari, viloyat hokimining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi.