Kuvaytlik tadbirkorlar bilan "O'zbekiston oziq-ovqat festivali"ga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

Onlayn uchrashuvda shu yil 16–17-dekabr kunlari Al-Kuvayt shahrining "The Sultan Center" supermarketlari tarmog'ida tashkil etiladigan "O'zbekiston oziq-ovqat festivali"ga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda "The Sultan Center" savdo tarmog'i 4 ta mamlakatda 70 ta supermarketga ega. Uning Kuvaytda 40 dan ortiq do'koni va onlayn xarid qilish xizmati mavjud. Kompaniya O'mon Sultonligida 7 ta, Iordaniyada 17 ta va Bahraynda 3 ta supermarketga egalik qiladi.
Muhokama jarayonida Kuvayt tomoni bilan O'zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini "The Sultan Center" tarmog'ida sotish uchun shartnoma imzolash, yetkazib berish, qadoqlash va to'lov shartlari kelishib olindi.
Shuningdek, Kuvaytning "JAMEIA Dot Com Food Stores" kompaniyasi vakillari bilan ham ushbu festival doirasida amalga oshiriladigan loyihalar bo'yicha fikr-mulohaza almashildi.
Hozirgi kunda mazkur kompaniya va unga tegishli "Jameia.com" onlayn savdo platformasida Kuvayt aholisining 50 foizdan ortig'i – 2,1 million mijoz ro'yxatdan o'tgan. Kompaniyaning yillik daromadi 40 million dollardan ortiq. Platforma 500 dan ortiq chakana savdo do'koni va 700 ta yetkazib beruvchi bilan hamkorlik qiladi.
Uchrashuvda o'zbek tadbirkorlarining "Jameia.com" onlayn savdo platformasida tashkil etilayotgan "Made in Uzbekistan" oynasiga mahalliy mahsulotlarimizni joylashtirish masalasi ham ko'rib chiqildi. Onlayn platformada ilk bosqichda oziq-ovqat mahsulotlari sotishni yo'lga qo'yishga kelishildi.
Ushbu mahsulotlarni Kuvaytga yetkazib kelish, narxlari, O'zbekistondan keltirilgan mahsulotlarni "Jameia.com"ga tegishli omborlarda saqlangan holda sotuvini yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi.